Jahon | 00:02 / 24.10.2023
9894
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada chet elliklar bilan soxta nikohga qarshi choralar joriy etiladi

Vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnoma nikohda ikki yil yashagandan keyin berilishi mumkin.

Foto: Fotolia

Rossiyada xorijliklar uchun migrant maqomini olish maqsadida soxta nikohdan foydalanish imkoniyati cheklanmoqda. Hukumat taklifiga ko‘ra, soddalashtirilgan tartibda vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnomani nikohda ikki yil yashagandan keyin berish joriy qilinmoqda.

Shu bilan birga, Rossiya hukumati agar nikoh sud tomonidan haqiqiy emas deb topilsa, u holda avvalroq berilgan vaqtinchalik «propiska» va yashash uchun ruxsatnomani ham bekor qilishni taklif etgan. Shu bilan birga, agar nikoh o‘zaro kelishuvga ko‘ra bekor qilingan taqdirda ham shunday yo‘l tutish ko‘zda tutilgan.

Senatorlar, shuningdek, agar chet el fuqarosi Rossiyada doimiy yashovchi farzandi bo‘lsa, lekin sud qarori bilan ota-onalik huquqidan mahrum qilinsa, yashash uchun ruxsatnomani ham bekor qilishni taklif etgan.

Qayd qilinishicha, Rossiyada 2022 yilda 400 ga yaqin nikoh soxta deb tan olingan. Internetdagi reklamalarga qaraganda, fuqarolikni olish maqsadida turmush qurish «narxi» 50 mingdan 300 ming rublgacha turadi.

Hukumat ma’lumotiga ko‘ra, 2022 yilda Tojikiston fuqarolari «soxta nikohlardan» eng ko‘p foydalangan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid