Jahon | 00:54 / 25.10.2023
8402
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada migrantlarni o‘qitish uchun raqamli platforma ishga tushirilishi mumkin

Raqamli format mehnat migrantlariga rus tilini o‘rganish jarayonini osonlashtirish va tezlashtirish uchun mo‘ljallangani aytilmoqda.

Foto: government.ru

Rossiya hukumati mamlakatga ishlash uchun kelayotgan xorijiy fuqarolarning rus tilini o‘rganishi uchun o‘quv va uslubiy materiallar joylashtiriladigan raqamli platformani ishga tushirish imkoniyatini muhokama qilmoqda. Bu haqda hukumat saytida xabar berilgan.

Raqamli format mehnat migrantlariga rus tilini o‘rganish jarayonini osonlashtirish va tezlashtirish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ularga ish topish va jamiyatga tez moslashishda yordam berishi ta’kidlanmoqda.

Shuningdek, hukumat tomonidan xorijiy fuqarolar va ish beruvchilarning elektron reyestrlarini yaratish hamda davlat organlari va chet el fuqarolari o‘rtasidagi barcha turdagi o‘zaro munosabatlarni onlayn formatga o‘tkazish masalalari muhokama qilindi. Bu esa migrantlar ustidan nazoratni kuchaytirish imkonini berishi aytilmoqda.

Hukumatning strategik yig‘ilishlari Rossiyaning 2025 yilgacha bo‘lgan davlat migratsiya siyosati konsepsiyasini amalga oshirishni ta’minlashga qaratilgan. Konsepsiya 2012 yilda Rossiya prezidenti tomonidan tasdiqlangan va bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Migratsiya siyosatining asosiy yo‘nalishlari Rossiyaga zarur bo‘lgan ishchi kuchini jalb qilish, migrantlarni moslashtirish va noqonuniy migratsiyani bartaraf qilishdan iborat.

 

 

 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid