Iqtisodiyot | 14:23 / 26.10.2023
15660
5 daqiqa o‘qiladi

MB asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi

Rasmiy relizga ko‘ra, iqtisodiyotdagi inflyatsion jarayonlar va kutilmalar biroz tezlashgan. Amaldagi stavkani o‘zgartirmaslik qarori yil oxirigacha inflatsiyaning prognoz ko‘rsatkichlari (8,5–9,5 foiz) doirasida shakllanishiga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan.

Foto: Kun.uz

Markaziy bank boshqaruvining 2023 yil 26 oktyabrdagi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish bo‘yicha qaror qabul qilindi.

“Iqtisodiyotdagi inflyatsion jarayonlar va kutilmalar yilning birinchi yarim yilligidagi pasayishdan so‘ng, mahsulotlar taklifidagi o‘zgarishlar va inflyatsion talab omillari fonida biroz tezlashishi kuzatildi.

Asosiy stavkaning joriy darajasi yil oxiriga qadar inflatsiyaning prognoz ko‘rsatkichlari doirasida shakllanishi uchun zaruriy pul-kredit sharoitlarini ta’minlashga xizmat qiladi”, deyiladi Markaziy bank rasmiy relizida.

Ta’kidlanishicha, umumiy inflatsiya yil boshidan pasayuvchi dinamikada shakllanib oxirgi chorakda 9,2 foizgacha tezlashgan. Inflatsiya o‘sishining tarkibiy omillari qatorida oziq-ovqat narxlarining 11 foizgacha tezlashishi, meva-sabzavotlar va tartibga solinadigan narxlar o‘zgarishining umumiy inflatsiyadagi hissasi ortishi bilan izohlanadi.

Bazaviy inflatsiya yil boshidan pasayib sentabrda 10,3 foizni tashkil qilgan. Mazkur pasayish tendensiyasiga qaramay, umumiy inflatsiya bilan sezilarli tafovuti saqlanib qolmoqda. Bu inflatsiyaning barqaror komponentlari narxlarida yuqori o‘sish kuzatilayotganini ko‘rsatib, iqtisodiyotda nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlarini ta’minlashni taqozo qilmoqda.

Aholi va tadbirkorlarning kelgusi 12 oylik inflyatsion kutilmalari avgust oyidagi o‘sishdan so‘ng mos ravishda 13,5 va 14,2 foizgacha pasaygan. Iqtisodiyotdagi kutilmalar qisqa muddatli shoklarga yuqori ta’sirchan bo‘lib qolmoqda.

Markaziy bankka ko‘ra, global inflyatsion jarayonlarning davomiyligi bo‘yicha noaniqliklar saqlanib qolmoqda. Asosiy savdo hamkorlardagi inflatsiya darajasi va almashuv kurslarining joriy dinamikasidagi vaziyat so‘mning real samarali almashuv kursini mustahkamlanishiga bosimlarni kuchaytirmoqda.

Iqtisodiyotning real sektorida ijobiy tendensiyalar kuzatilib, joriy yilning 9 oy yakuniga ko‘ra, YaIM o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,8 foizga o‘sgan.

Iqtisodiy o‘sishning yuqori sur’atlari fiskal rag‘batlantirish ta’sirida iste’mol xarajatlarining o‘sishi hamda markazlashmagan investitsiyalar hajmining sezilarli oshishi hisobiga ta’minlangan.

Iqtisodiyotda yalpi talabning ijobiy o‘sish dinamikasi davom etmoqda, bu ko‘rsatilayotgan bozor xizmatlari hajmining o‘tgan yilga nisbatan 12,1 foizga, savdo va pullik xizmatlardan pul tushumlari hajmining 28 foizga o‘sishida namoyon bo‘lgan.

Shu bilan birga, transchegaraviy pul o‘tkazmalari yuqori baza effekti hisobiga o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 33,7 foizga qisqargan bo‘lsa-da, 2021 yilning mos davriga nisbatan 1,4 barobarga o‘sgan.

Banklararo pul bozoridagi faollikda ham o‘sish kuzatilib, o‘rtacha tortilgan banklararo depozit va repo stavkalari to‘liq foiz koridorida shakllangan.

Nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari iqtisodiyotga ajratilayotgan kreditlarni maqbul o‘sish sur’atlarini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Bundan tashqari, so‘nggi oylarda kuzatilgan chakana kreditlardagi yuqori o‘sish sur’atlari makroprudensial choralarni qo‘llash orqali muvozanatlashtirilmoqda va kelgusida zaruriyat paydo bo‘lgan holda qo‘shimcha choralar qo‘llanilishi mumkin.

Ijobiy real foiz stavkalari depozit bozorining chakana segmentida yuqori faollikni ta’minlamoqda. Sentyabr oyida aholining milliy valutadagi muddatli depozitlari bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalari 21,1 foizni tashkil etib, 1 oktyabr holatiga muddatli depozitlar qoldig‘ining yillik o‘sishi 47,1 foizni, jumladan, jismoniy shaxslarning muddatli omonatlari o‘sishi 52,3 foizni tashkil etgan.

Inflatsiyani oshiruvchi va pasaytiruvchi omillar balansidan kelib chiqib yangilangan prognozlarga ko‘ra, joriy yil yakunida inflatsiya prognoz koridori doirasida shakllanishi kutilmoqda.

Mavsumiy oziq-ovqat narxlarining o‘sishi va tartibga solinadigan narxlarga kiritilayotgan o‘zgarishlarning umumiy inflatsiyaga birlamchi va ikkilamchi ta’sirlari kabi inflatsiyani oshiruvchi omillar saqlanib qolmoqda.

Markaziy bank pul-kredit sharoitlarining yalpi talab, narxlar va inflyatsion kutilmalarga ta’sirlarini baholab, barcha pul-kredit instrumentlarini inflatsiyani joriy yilgi prognoz doirasida shakllanishini va o‘rta muddatda target ko‘rsatkichlariga erishishni ta’minlashga qaratadi, deyiladi rasmiy axborotda.

MB boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2023 yil 14 dekabrga belgilangan.

Mavzuga oid