O‘qqa tutilayotgan Avdiyivka va frontdagi shifokorlar. Urush suratlari
Ukrainadagi urushning 612-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
«Axmat» komandiri chechenlarning maxsus topshiriqli bo‘linmasi safiga «Vagner»ning sobiq komandirlari va jangchilari «yoppasiga» qo‘shilayotganini ma’lum qildi.
Rossiya TIV ukrain droni Kursk AES yadroviy chiqindilari omboriga kelib urilganini xabar qildi.
Maltada Ukrainaning «tinchlik formulasi»ga bag‘ishlangan uchinchi xalqaro sammit boshlandi.
Moskvada harbiy xizmatdan bo‘yin tovlagan markaziy osiyolik migrantlarga qarshi 22 ta jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
Sloveniya Ukrainaga maxfiy ravishda Belin dronlarini yuborgan. Bu haqda OAVga Sloveniyaning dron ishlab chiqaruvchi C-Astral kompaniyasi xodimi ma’lumot bergan.
Avdiyivka — urushning eng qaynoq nuqtasi
Avdiyivka — Rossiya tomonidan annekciya qilingan Donetsk shahridan 15 kilometr masofada joylashgan. 2014 yilda Avdiyivka bir necha oy mobaynida ayirmachilar nazoratida bo‘lgan, ammo keyin shaharga ukrain armiyasi kirib kelgan. Shundan buyon Avdiyivka uchun janglar davom etmoqda (keng ko‘lamli bosqin boshlangunicha — 2015 va 2017 yillarda ham shiddatli janglar bo‘lib o‘tgan), shahar muntazam ravishda o‘qqa tutiladi, ammo Ukraina qurolli kuchlari uni o‘z nazoratida saqlab qolmoqda.
2023 yil oktyabr oyi o‘rtalarida Rossiya qo‘shini Avdiyivka atrofida faollashdi. RF QK shaharni qurshab olish yoki undan 15 ming atrofidagi ukrain qo‘shinini siqib chiqarish uchun katta yurish boshladi — Ukraina QK esa qanotlarni mustahkamlamoqda va Rossiya armiyasini shaharni faqat ro‘paradan shturm qilishga majbur etmoqda. Bu esa katta yo‘qotishlarga sabab bo‘lmoqda: Buyuk Britaniya razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi haftalarda Rossiya Avdiyivka atrofida 2023 yildagi istalgan jangdagidan ko‘proq yo‘qotishga uchragan.
Xmelnitskaya oblastida zarba oqibatlari
«To‘rtinchi kundirki rossiyaliklar Xmelnitchinaga hujum qilmoqda», — dedi 25 oktyabr kuni Xmelnitskaya oblasti ma’muriyati boshlig‘i o‘rinbosari Sergey Tyurin.
Shu kuni Ukraina energetika vazirligi rossiyaliklar Xmelnitskaya AES hududi yaqiniga zarba yo‘llaganini ma’lum qildi. «Portlash oqibatida ma’muriy-maishiy hamda laboratoriya binolari derazalari sinib ketgan», — deyiladi idora xabarida. Bundan tashqari, elektr uzatish liniyasi shikastlangan; oblast hududidagi Slavuta va Neteshin shaharlarida 1860 nafar iste’molchi elektr energiyasi ta’minotidan uzilgan.
Slavutada, uning meri Vasiliy Sidorning so‘zlariga ko‘ra, otishmalar tufayli 300 ga yaqin uy shikastlangan. 18 kishi jarohat olgan, ularning ikki nafari jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.