O‘zbekiston | 08:51 / 30.10.2023
11033
4 daqiqa o‘qiladi

Sergelidagi portlashdan 1 oy o‘tib: talafot ko‘rganlar masalasi hal bo‘ldimi?

Quruvchilar mahallasida zarar ko‘rgan xonadonlar ta’mirlanib, deraza-rom, eshiklar o‘rnatildi. Lekin hududda amalga oshirilgan ishlarga salbiy bo‘yoq berib turgan holatlarni ham inkor etib bo‘lmaydi.

2023 yil 28 sentabrni Sergeli tumani Quruvchilar mahallasi aholisi uzoq vaqtgacha unutmaydi. Ombordagi kuchli portlash, o‘lim, vayron bo‘lgan kvartiralar-u mashinalar...

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hududdagi 39 ta ko‘p qavatli uyning 1370 ta xonadoni hamda 246 ta hovlilarga ziyon yetib, umumiy zarar miqdori 14,5 mlrd so‘mni tashkil etgandi. Talafot oqibatlarini bartaraf etish uchun katta kuch tashlandi. Zarar ko‘rgan xonadonlar davlat tomonidan to‘liq ta’mirlab berilishi va’da qilindi, kvartiralar ta’mirlash uchun poytaxt tumanlarining hokimliklariga bo‘lib berildi.

Oradan 1 oy o‘tib, Toshkent shahar hokimiyati asosiy ishlar yakunlanganini, portlashdan talafot ko‘rgan xonadonlar to‘liq ta’mirdan chiqqanini ma’lum qildi. Shu munosabat bilan mahallada aholining kayfiyatini ko‘tarish uchun kichik bayram tadbiri ham tashkil qilib berildi.

Quruvchilar mahallasi raisi – hukumat tomonidan tuzilgan maxsus shtab a’zosi Farhod Rasulovning aytishicha, hozirga kelib 3 bosqichli ishlarning 2 tasi, ya’ni aynan uylarning ta’miri bilan bog‘liq ishlar yakunlangan.

“Birinchi bosqichda shtabda qo‘yilgan vazifa – hashar yo‘li bilan qisqa muddat ichida talafot yetgan xonadonlarning tashqi rom, eshiklarini qo‘yib berish edi. Chunki buyog‘i kuz mavsumi, yog‘ingarchilik, salqin havo bo‘lgani uchun uylarni ta’mirlab berish yuklatilgandi. 3 kun muddat ichida tashqi romlar eshigining hammasi joy-joyiga qo‘yildi.

Ikkinchi bosqichda xonadon ichlarida zarar ko‘rgan eshik, romlar bo‘lsa, ularni ta’mirlash ishlari ham yakuniga yetdi.

Uchinchi bosqichda talafot ko‘rgan xonadonlarda kim tibbiy ko‘rikka muhtoj bo‘lsa, ularning hammasi shifoxonalarga yotqizildi. Ko‘rik jarayonlaridan o‘tkazildi. Endi hozir talafot ko‘rgan maishiy texnik-vositalarini tiklab berish masalasi ko‘rilmoqda. Homiylar bilan suhbat olib borilmoqda, albatta, bu masala ham yechiladi”, – deydi Farhod Rasulov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, hozirga kelib mahalla raisiga yashovchilar tomonidan hech qanday shikoyat kelib tushmagan, ta’mirlangan uy egalaridan ishlar yakunlangani yuzasidan tilxat olinmoqda.

E’tirof etish joizki, ta’mirdan chiqqan uylarda ko‘p ham nuqsonlarni uchratmadik, chindan ham xonadonlarning deraza romlari, eshiklari o‘rnatib berilgan. Hatto, bir hafta oldin Kun.uz e’lon qilgan materialda ko‘rsatilgan kamchiliklar ham bartaraf etilgan.

Ammo ayrim xonadonlarda ishlarning “qilindimi, qilindi” qabilida bo‘lgani hududda amalga oshirilgan ishlarga salbiy bo‘yoq berib turganini ham inkor etib bo‘lmaydi. Ba’zi xonadonlarda eshiklar noto‘g‘ri o‘rnatib ketilganiga, ko‘p qavatli uylarning eskitdan mavjud bo‘lgan va portlash sabab jiddiylashgan muammolari hal qilinmaganiga guvoh bo‘ldik.

Uy-joylari portlashdan avvalgi holga qaytmagan xonadonlar egalari talaygina, ularning e’tirozlarini o‘rinsiz deb bo‘lmaydi. Hududda hali talafot oqibatlarini bartaraf etish ishlari olib borilmoqda. Kun.uz vaziyatni kuzatadi, bu mavzuga yana qaytilishi mumkin.

Baxtiyor To‘xtayev,
Dilshoda Shomirzayeva,
Kun.uz

Mavzuga oid