Jahon | 22:52 / 07.11.2023
10017
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiyning Isroilga tashrifi ma’lumotlar sizdirilishi sababli qoldirildi 

Ukraina prezidenti Isroilga tashrifining sir tutilishini xohlagan. 

Foto: AP

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, 7 noyabrga rejalashtirilgan Isroilga tashrifini boshqa sanaga qoldirdi. Bu haqda Times of Israel nashriga tayanib, BBC yozdi. 

Qayd qilinishicha, buning sababi – tashrif haqidagi ma’lumotlarning muddatidan avval e’lon qilinishi. Nashr manbalariga ko‘ra, Zelenskiy hali ham Isroilga borishni rejalashtirmoqda, biroq tashrif vaqti hali belgilanmagan. 

Ukraina prezidentining Isroilga tashrif buyurish rejalari 4 noyabr kuni ma’lum bo‘ldi, biroq Times of Israel gazetasiga ko‘ra, ma’lumotlarning sizib chiqishi tufayli bu rejalarni o‘zgartirishga to‘g‘ri keldi. Chunki Zelenskiy o‘z tashrifi haqidagi xabar Isroilga borganidan keyin paydo bo‘lishini xohlagan. 

Aftidan, bu Zelenskiyning Isroilga tashrifining birinchi marta qoldirilishi emas. Ikki hafta oldin u Isroilga bormoqchi bo‘lgan, ammo G‘azo sektoridagi harbiy harakatlar boshlanayotgani sababli Tel-Aviv bunday tashrifni bevaqt deb hisoblagan. 

Biroq, endi, Isroil diplomatik doiralaridagi manbaning nashrga bergan ma’lumotiga ko‘ra, «agar prezident Zelenskiy kelsa, uni quchoq ochib kutib olishadi».

Mavzuga oid