11:48 / 09.11.2023
17414

O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari ko‘paydi

Sentyabr oyida O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari qariyb 1,86 mlrd dollarga oshdi. Bu jahon moliya bozorida oltin narxlarining qimmatlashishi bilan bog‘liq.

Foto: Getty images

Markaziy bank O‘zbekistonning xalqaro valuta zaxiralariga oid ma’lumotlarni yangiladi. Unga ko‘ra, 1 noyabr holatiga, O‘zbekistonning rasmiy zaxiralari 32,9 mlrd dollarni tashkil qildi.

Zaxiralar o‘tgan oyga nisbatan deyarli 1,86 mlrd dollarga oshgan bo‘lsa-da, yil boshidan beri 2,8 mlrd dollarga kamaygan.

Hisobot davrida oltin zaxiralari qiymati 23,1 mlrd dollardan 24 mlrd dollargacha ko‘paygan. O‘z navbatida oltinning fizik hajmi 12,3 mln troya unsiyasidan 12 mln troya unsiyasiga kamaygan. Jahon bozorida oltin narxlari qimmatlashishi fonida oltin zaxiralarining qiymati ham ortgan.

Shuningdek, sentabr oyida xorijiy valuta zaxiralari qiymati 7,4 mlrd dollardan 8,4 mlrd dollargacha o‘sgan. 

Oltin-valuta zaxiralari nima uchun kerak?

Har bir mamlakatning oltin-valuta zaxiralari o‘ziga xos sug‘urtadir. U davlatning milliy iqtisodiyotini ehtimoliy makroiqtisodiy xatarlardan himoya qiladi. Shu bois oltin-valuta zaxiralari qator talablarga javob berishi lozim. Masalan, undan har qanday sohada foydalanish imkoniyati bo‘lishi kerak. Oltin-valuta zaxiralari oson joylashtirilishi va oson olinishi darkor.

Mamlakatlarning oltin-valuta zaxiralaridan quyidagi maqsadlarda foydalanilishi mumkin:

  • to‘lov va savdo balansidagi defitsitni bartaraf etish uchun;
  • inflatsiyani ushlab turish, milliy valutani moliya bozorida qo‘llab-quvvatlashga valuta sotib olish uchun;
  • davlatning tashqi qarzlarini to‘lash uchun;
  • davlatlar o‘rtasidagi hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun.

Oltin-valuta zaxiralari asosan qimmatbaho metallardan (quyma oltin, platina, palladiy, kumush), davlatlararo miqyosda zaxira valutasi sifatida tan olingan xorijiy pul vositalaridan (AQSh dollari, yevro, shveysar franki, yapon iyenasi, funt-sterling) va Xalqaro valuta jamg‘armasi chiqaradigan naqdsiz pul birliklaridan tashkil topadi.

Davlatning oltin-valuta zaxiralari miqdori uning iqtisodiyoti va moliyaviy tizimi holatidan darak beradi, davlatlararo majburiyatlar bo‘yicha to‘lovlarning o‘z vaqtida amalga oshirilishini kafolatlaydi. Xalqaro tashkilotlar tavsiyalariga ko‘ra, rivojlanayotgan davlatlar uchun zaxiralar kamida 3 oylik importni qoplashi kerak.

Mavzuga oid
Top