Jahon | 14:52 / 11.11.2023
3796
3 daqiqa o‘qiladi

Londonda Rossiya foydasiga josuslik qilgan Bolgariya fuqarolari sud qilinadi

Rossiya foydasiga josuslikda ayblanayotgan Bolgariya fuqarolari 2024 yil oktyabr oyida Britaniya sudi oldida javob beradi. Bu ish rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirish ishi bilan birga ko‘rib chiqiladi. 

Foto: Getty images

Londondagi Markaziy jinoiy sud 2024 yil oktyabrida besh nafar Bolgariya fuqarosining Rossiya foydasiga josuslik qilgani haqidagi ishni mazmunan ko‘rib chiqishni boshlaydi. Bu haqda Reuters va AFP 10 noyabr, juma kuni sudya qaroriga tayanib yozgan. 

Ishda ayblanuvchilar - 45 yoshli Orlin Rusev, 42 yoshli Bizer Jambazov, 32 yoshli Katrin Ivanova, 32 yoshli Ivan Stoyanov va 29 yoshli Vanya Gaberova. Jinoyat ishlari bo‘yicha Qirollik prokuratura xizmati xabar qilganidek, ular «davlat xavfsizligi va manfaatlariga zarar yetkazish maqsadida dushmanga bevosita yoki bilvosita foydali bo‘lishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni to‘plash maqsadida fitna uyushtirish»da ayblanmoqda. Ayblanuvchilar, tergovchilar so‘zlariga ko‘ra, ushbu ma’lumotlarni 2020 yil 30 avgustdan 2023 yil 8 fevralgacha to‘plagan. 

Rusev, Jambazov va Ivanova Rossiya maxsus xizmatlari uchun ishlashdan tashqari, shaxsni tasdiqlovchi soxta hujjatlarga egalikda ham ayblanmoqda. Ishga aloqador barcha shaxslar Britaniya razvedka xizmatlari tomonidan 2023 yil fevralida qo‘lga olingan. 

Sudya Jyeremi Beyker josuslik ishini davlat hujjatlarini qalbakilashtirish ayblovi bilan bir vaqtda ko‘rib chiqish haqida qaror chiqardi. Sud jarayoni taxminan to‘rt oy davom etishi kutilmoqda. 

Britaniya OAV ayblanuvchilar haqida 

BBC media-kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Orlin Rusev 2009 yildan beri Buyuk Britaniyada yashaydi, u uch yil davomida moliyaviy xizmatlar sohasida texnik mutaxassis bo‘lib ishlagan, keyin esa elektron xabarlar va signallarni ushlash bilan bog‘liq kompaniyaga egalik qilgan. Bundan tashqari, Rusev Bolgariya Energetika vazirligida maslahatchi bo‘lib ishlaganini bildirgan. 

Bizer Jambazov va Katrin Ivanova o‘zaro munosabatlarda bo‘lib, qariyb o‘n yil davomida Buyuk Britaniyada yashab kelgan, deb yozadi BBC. Jambazov shifoxonalarda haydovchi, Ivanova esa xususiy tibbiyot kompaniyasida laborant bo‘lib ishlagan. Bundan tashqari, juftlik Buyuk Britaniyadagi bolgarlarga yordam beradigan jamoat tashkilotini boshqargan. 

Vanya Gaberova, Daily Mail nashriga ko‘ra, London g‘arbida 2019 yilda ochilgan Pretty Woman go‘zallik saloniga egalik qiladi. Bu ishda ishtirok etgan boshqa shaxs - Ivan Stoyanovning tarjimai holi ommaviy axborot vositalarida keltirilmagan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid