O‘zbekiston | 18:53 / 13.11.2023
7203
2 daqiqa o‘qiladi

JSST koronavirusni davolash bo‘yicha yangi tavsiyalarni e’lon qildi 

Ko‘rsatmalar gospitalizatsiya xavfi yuqori va o‘rta bo‘lgan bemorlarda virusga qarshi ba’zi preparatlarni qo‘llash bo‘yicha tavsiyalarni o‘z ichiga oladi. 

Foto: Getty Images

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) koronavirusga chalingan bemorlarni davolashga doir tavsiyalarini yangiladi. Mazkur qo‘llanma COVID-19 kasalligini muolaja qilishga taalluqli yangi usullarning klinik sinovlari bo‘yicha jamlangan so‘nggi xulosalarga asoslangan. 

Yangi tavsiyalarga ko‘ra, koronavirus tufayli shifoxonaga yotqizish xavfining uch asosiy toifasi mavjud: yuqori, o‘rta va past. 

Ko‘rsatmalar gospitalizatsiya xavfi yuqori va o‘rta bo‘lgan bemorlarda virusga qarshi nirmarelvir-ritonavir preparatini qo‘llash bo‘yicha tavsiyalarni o‘z ichiga oladi. Unga muvofiq, shifoxonaga yotqizish xavfi o‘rta yoki past bo‘lgan va xastalik yengil o‘tayotgan bemorlarga remdesivir hamda molnupiravir dorilarini qo‘llash tavsiya etilmaydi. 

Bu preparatlardan faqat yuqori xavf guruhiga mansub kishilarda tibbiy ko‘rsatmaga ko‘ra foydalanish taklif etiladi. 

O‘z navbatida, virusga qarshi yangi W116 preparatini klinik sinovlardan tashqari, kasallikning og‘irligidan qat’i nazar, har qanday darajasida qo‘llash tavsiya etilmaydi. Bunday cheklov koronavirusga chalingan bemorlarda ivermektin dorisini qo‘llashda ham amal qilishi maqsadga muvofiq. 

Mutaxassislar fikricha, yangi tavsiyalar COVID-19 kasalligining ayni paytdagi faol mutatsiya va subvariantlariga xos xususiyatlar hamda global emlash jarayonidan keyin insonlar immunitetida hosil bo‘lgan ijobiy o‘zgarishlarni hisobga olgan holda ishlab chiqilgan.

Mavzuga oid