Jahon | 09:44 / 13.11.2023
9012
3 daqiqa o‘qiladi

OAV: Kiyev Zelenskiy va Tramp o‘rtasida uchrashuv tashkil qilmoqchi

Kiyevning fikricha, Tramp respublikachilar orqali Ukrainaga mablag‘ ajratilishiga to‘sqinlik qilayotgan AQSh Kongressi Vakillar palatasini nazorat qiladi. 

Foto: Reuters

Ukraina prezidentining idorasi AQShga tashrifi chog‘ida Volodimir Zelenskiy va AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp o‘rtasida muzokaralar o‘tkazishga harakat qiladi, deya xabar berdi 12 noyabr, yakshanba kuni Ukrainaning «Strana» nashri prezident devoniga yaqin manbalarga tayanib. 

Nashr suhbatdoshlariga ko‘ra, Kiyev rasmiylari «Tramp respublikachilar orqali Ukrainaga mablag‘ ajratilishiga to‘sqinlik qilayotgan AQSh Kongressi Vakillar palatasini nazorat qiladi», deb hisoblaydi. «Hukumat buni tushunyapti hamda shuning uchun Tramp va Zelenskiy o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri suhbatni tashkil etishga harakat qilmoqda», dedi «Strana» manbasi. 

Muzokaralar tashkil etish Kiyev va Vashington munosabatlaridagi asosiy masalalardan biri, deya da’vo qilmoqda «Strana». Shu fonda AQShga Ukraina delegatsiyasi yetib keldi, uning tarkibiga Ukraina prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak ham kirdi. «Oq uyda, Kongressda, tahlil markazlarida, jamoat tashkilotlari vakillari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi. Prezidentning «Tinchlik formulasi», Ukraina mudofaasini mustahkamlash, hamkorlikni har tomonlama chuqurlashtirish va ko‘plab muhim mavzular ko‘rib chiqiladi», - dedi Yermak safar rejalari haqida.

Demokratlar va respublikachilar Ukrainaga yordam masalasida kelisha olmayapti 

Oktyabr oyi oxirida respublikachilar ko‘pchilik bo‘lgan Vakillar palatasi Ukrainaga bir vaqtning o‘zida yordam ko‘rsatmasdan Isroilga yordam berish uchun 14,3 milliard dollar (13,5 milliard yevro) ajratish haqidagi qonun loyihasini qo‘llab-quvvatladi. O‘z navbatida, demokratlar ustunlikka ega bo‘lgan Senat Kiyevga yordam nazarda tutilmagan qonun loyihasini blokladi. 

AQSh prezidentligiga qaytadan da’vogarlik qilayotgan Tramp, agar hokimiyatga kelsa, «24 soat ichida» Ukrainadagi urushni to‘xtatishini bir necha bor ta’kidlagan. Bu yozda u shu maqsadda Zelenskiy va Putinga ultimatum qo‘yishini aytdi. «Men Zelenskiyga: «Yetarli. Siz bitim tuzishingiz kerak», deyman. Putinga esa: «Agar kelishuv tuzmasangiz, biz unga ko‘p narsani beramiz. Agar kerak bo‘lsa, olganidan ham ko‘proq beramiz», deyman. Men bir kunda bitimga erishaman. Bir kunda», dedi Tramp. 

Zelenskiy bunga javoban Trampga 24 daqiqa ichida AQSh sobiq prezidenti «bu mojaroni boshqara olmasligini» tushuntirishi mumkinligini aytdi.

Mavzuga oid