Jahon | 08:44 / 16.11.2023
8802
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh va Xitoy harbiy idoralari to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni tiklaydi

Qo‘shma Shtatlar va Xitoy harbiy idoralari to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni tiklaydi - Jo Bayden va Si Jinping bu haqda San-Fransiskoda kelishib oldi. Shuningdek, ular Tayvan, Yaqin Sharqdagi mojaro va narkotrafikka qarshi kurash mavzularini muhokama qildi. 

Foto: REUTERS/Kevin Lamarque

Amerika Qo‘shma Shtatlari va Xitoy harbiy idoralari «tenglik va o‘zaro hurmat asosida» to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni tiklaydi. Bu haqda 16 noyabr, payshanba kuni San-Fransiskoda bo‘lib o‘tgan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (APEC) sammiti doirasida ikki davlat rahbarlari Jo Bayden va Si Jinping kelishib oldi. Ushbu uchrashuvda Xitoy rahbari Tayvan masalasini Xitoy-Amerika munosabatlaridagi «eng katta va eng xavfli» to‘siq deb atadi. U Qo‘shma Shtatlarni «Tayvanni qurollantirishni to‘xtatishga» chaqirdi va Xitoy rahbariyati orolni Xitoy bilan tinch yo‘l orqali birlashtirish tarafdori ekanini ta’kidladi. Shu bilan birga, Si Pekin muayyan sharoitlarda bu masalada kuch ishlatishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. 

Xitoy rahbari, shuningdek, Vashingtonning ba’zi iqtisodiy choralari, jumladan, sanksiyalar va Xitoy texnologiya sohasiga Amerika sarmoyasi bo‘yicha cheklovlar qo‘llashidan xavotir bildirdi. Uning ta’kidlashicha, bu Xitoyning texnologik rivojlanishini to‘xtatib, «qonuniy manfaatlariga zarar yetkazadi». U sanksiyalar bekor qilinishiga va Qo‘shma Shtatlar «Xitoy biznesi uchun adolatli va kamsitilmaydigan muhitni» taqdim etishiga umid qilmoqda. 

O‘z navbatida, Jo Bayden Xitoy raisi Isroil va G‘azo sektorida HAMAS guruhi o‘rtasidagi urushga Tehron va u qo‘llab-quvvatlayotgan tashkilotlarning ehtimoliy aralashuvi oldini olish uchun Eronga o‘z ta’siridan foydalanishga chaqirdi. 

AQSh va Xitoy narkotrafikka qarshi birgalikda kurashadi 

Bundan tashqari, Oq uydagi manbalar Xitoy va Qo‘shma Shtatlar sintetik fentanil giyohvandlik moddasining noqonuniy ishlab chiqarilishi va savdosiga chek qo‘yish uchun birgalikda harakat qilishini muhim deb atadi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi yaqinda e’lon qilingan hisobotida ta’kidlanishicha, 2021 yilda Shimoliy Amerikada giyohvand moddalar dozasini oshirib yuborish bilan bog‘liq 90 000 ga yaqin o‘lim qayd etilgan va u o‘sib bormoqda. 

Bayden: AQShning Xitoy bilan ziddiyatiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi 

AQSh prezidenti o‘z mamlakati va Xitoy o‘rtasidagi raqobat mojaroga olib kelmasligi uchun choralar ko‘rish zarurligini bildirdi. Buning uchun, dedi Jo Bayden, «to‘g‘ridan to‘g‘ri va halol» muloqotni davom ettirish kerak. «Xitoy va Qo‘shma Shtatlar kabi ikki yirik davlat uchun bir-biridan yuz o‘girish variant emas», - dedi Si Jinping. Uning so‘zlariga ko‘ra, «bir tomon ikkinchisini o‘zgartira olmaydi» va ular o‘rtasidagi ziddiyat «qabul qilib bo‘lmaydigan oqibatlarga olib keladi». 

Si Jinpingning Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi sammitiga tashrifi uning 2017 yildan beri AQShga ilk safari bo‘ldi. 

Mavzuga oid