O‘zbekiston | 22:56 / 21.11.2023
15473
4 daqiqa o‘qiladi

Mahalla budjeti tizimi qanday ishlashi ma’lum qilindi

2024 yildan har bir mahalla o‘z budjetiga ega bo‘ladi. Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Abdulaziz Haydarovning tushuntirishicha, buning uchun vertikal tarzdagi (respublika, viloyat, tuman-shahar) mahalla uyushmasi tashkil qilinadi. Uyushma parlament huzuridagi NNTlarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi orqali moliyalashtiriladi. MFYlar mablag‘ taqsimoti va moliyalashtirish bilan shug‘ullanmaydi.

Abdulaziz Haydarov (2-qator chapdan ikkinchi) / Foto: Qonunchilik palatasi

21 noyabr kuni Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda “2024 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Majlisda Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Firdavs Sharipov 2024 yildan mahallalar o‘z budjetiga ega bo‘lishiga oid masalani ko‘tardi.

Deputat 2024 yilgi budjet qonuni loyihasida mahallalarning moliyaviy mustaqilligini oshirish va mahallalardagi yirik bo‘lmagan loyihalarni amalga oshirish hamda muammolarni mustaqil hal etishni tashkil qilish maqsadida “Mahalla budjeti” tizimi joriy etish taklif qilinayotganini nazarda tutarkan, bu mablag‘larning nazorati qanday bo‘lishini so‘radi.

“Mahallaga qo‘shimcha kuch va imkoniyatlar berilyapti. Bu degani vakolat ham, mas’uliyat ham quyi tizimga tushyapti. Qonun loyihasiga ko‘ra, 2024 yildan boshlab har bir mahalla o‘zining budjetiga ega bo‘lishi, qolaversa, yer va mol-mulk soliqlari tushumlarining 10 foizi ularda qolishi belgilanyapti. Bu degani har bir mahalla o‘rtacha 100 mln so‘m o‘z budjetiga ega bo‘ladi degani. Mahalla institutining o‘ziga xosligini saqlab qolishimiz kerak, shu ma’noda mablag‘larni o‘z vaqtida, o‘z egasiga manzilli sarflash uchun bugungi kundagi tizim talabga javob beradimi?” – dedi deputat.

Savolga iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Abdulaziz Haydarov javob berdi. Uning aytishicha, mahalla tizimi faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha prezident qarori loyihasi tayyorlangan bo‘lib, moliyalashtirish tizimi tubdan o‘zgaryapti.

“Bugungi kunda mahalla faoliyati mahalliy budjetdan moliyalashtirilsa, endi Oliy Majlis huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘laridan moliyalashtirilishi ko‘zda tutilyapti. Mablag‘lar to‘g‘ridan to‘g‘ri berilmasdan jamoat fondi tomonidan mahallaning faoliyatini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi. Bunda yo‘nalish ikki qismga bo‘linadi, birinchisi, mahalla faoliyatini to‘g‘ridan to‘g‘ri moliyalashtirish bo‘lsa, ikkinchisi, mahallani qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi. Ya’ni yuqorida aytgan jamg‘armaning mablag‘larini sarflash tartibi belgilanmoqda. Qanday amalga oshiriladi, mablag‘lar qayerda jamlanadi, kim taqsimlaydi – qaror loyihasida moliyalashtirish mexanizmi aniq ko‘rsatilgan”, – dedi IMV vakili.

Abdulaziz Haydarovning ta’kidlashicha, mahalla fuqarolar yig‘inlari mablag‘larni taqsimlash, moliyalashtirish bilan shug‘ullanmaydi.

“Bu yerda mahalla uyushmasi degan yangi tuzilma yaratilyapti. Bu uyushma vertikal tizim bo‘lib, respublika, viloyat hamda tuman, shahar boshqaruvi bo‘ladi. Jamoat fondidan mablag‘lar mana shu uyushmaga yetkaziladi va mahalla uyushmasi elektron platforma orqali shakllanadigan to‘lov tizimi orqali mablag‘larni moliyalashtirib beradi. Nazorat tizimi ham tartibga solinadi”, – dedi u.

Jamshid Qo‘chqorov / Foto: Qonunchilik palatasi matbuot xizmati

Javobga qo‘shimcha qilgan iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov 2024 yilda mahalla budjetlarida yig‘iladigan pullar katta bo‘lmasligini ta’kidladi.

“To‘g‘ri, xavotirli savolni berdingiz. Shuning uchun oz-ozdan boshlaymiz. Bu pul ko‘payib borishi bilan mahalladagi odamlarning malakasi ham oshib boraveradi”, – dedi Qo‘chqorov.

Mavzuga oid