O‘zbekiston | 08:57 / 22.11.2023
7052
2 daqiqa o‘qiladi

Qatar O‘zbekistonda yo‘l qurish sohasida loyihalarni amalga oshiradi

Qatarning yirik kompaniyasi O‘zbekistonda sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirishga kirishmoqda.

Foto: Dunyo AA

O‘zbekiston elchixonasi xodimlari Qatarning Power International Holding bosh ijrochi direktori o‘rinbosari Moris Gattas va ushbu kompaniya tarkibiga kiruvchi UCC Holding rahbari Muhammad Sabri bilan muzokaralar o‘tkazdi.

«Dunyo» xabariga ko‘ra, uchrashuv davomida O‘zbekiston prezidentining Qatarga amalga oshirgan davlat tashrifi chog‘ida Power International Holding kompaniyasi bilan erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralar yakunida Power International Holding, UCC Holding va Assets Group kompaniyalari rahbarlarining O‘zbekistonga biznes-missiyasini tashkil etish to‘g‘risida kelishib olindi.

Tashrifning asosiy maqsadi Power International Holding kompaniyasi tomonidan O‘zbekistonda yo‘l, ko‘ptarmoqli shifoxona majmuasini barpo etish, Buxoro, Samarqand va Toshkent shaharlarida mehmonxonalar qurish, Navoiy viloyatida ammiak va karbamid ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish hamda qayta tiklanuvchi energiya sohasida loyihalarni amalga oshirish ishlarini boshlashdan iborat bo‘ladi.

Shuningdek, joriy noyabr oyida Toshkent shahrida Power International Holding kompaniyasining ofisi ochilishi rejalashtirilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid