O‘zbekiston | 12:26 / 25.11.2023
4651
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida 3 ta shartnoma ratifikatsiya qilinadi

Senat qirq yettinchi yalpi majlisida O‘zbekiston bilan Italiya o‘rtasida ushlab berish, mahkumlarni topshirish, jinoiy ishlar bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam to‘g‘risidagi shartnomalarni ratifikatsiya qilish haqidagi qonunlar ko‘rib chiqildi.

Foto: Senat axborot xizmati

Senatorlar tomonidan ko‘rib chiqilgan “O‘zbekiston bilan Italiya o‘rtasida jinoiy ishlar bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam to‘g‘risidagi shartnomani (Rim, 2023 yil 8 iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonunda jinoyat ishlarini tergov qilish va boshqa protsessual harakatlarni amalga oshirish bilan bog‘liq holda yuridik yordam ko‘rsatish asoslari va shart-sharoitlari nazarda tutilmoqda. So‘rovlarning shakli va mazmuni, yordam ko‘rsatishni rad etish yoki kechiktirish asoslari, so‘rovlarni bajarish, himoya choralari, xavfsizlik kafolatlari, shuningdek, jinoyat ishlarini ta’qibni davom ettirish uchun o‘tkazish kabi muhim masalalar bo‘yicha qoidalar belgilanmoqda.

O‘zbekiston bilan Italiya o‘rtasida mahkumlarni topshirish to‘g‘risidagi shartnoma (Rim, 2023 yil 8 iyun) ratifikatsiya qilinishi O‘zbekiston va Italiya fuqarolariga sud tomonidan tayinlangan jazoni o‘z mamlakatida o‘tashlari uchun huquqiy asos va imkoniyat yaratadi. Hujjatga ko‘ra mahkumlarni topshirish qonunda belgilangan tartib-taomillarga muvofiq shartnoma tuzuvchi tomonlarning murojaatlari asosida amalga oshiriladi.

O‘zbekiston bilan Italiya o‘rtasida ushlab berish to‘g‘risidagi shartnomada (Rim, 2023 yil 8 iyun) har bir tomon boshqa tomonning so‘roviga ko‘ra o‘z hududida aniqlangan va boshqa tomon tarafidan qidirilayotgan shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortish yoki bunday shaxslarga nisbatan chiqarilgan hukmni ijro etish uchun bir-birlariga ushlab berishi asoslari va shartlari ko‘rsatilgan. Shartnomaning ratifikatsiya qilinishi sud muhokamasi samaradorligini oshirishga va jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan jazoning muqarrarligi tamoyilini ta’minlashga xizmat qiladi.

Muhokama yakunlari bo‘yicha senatorlar shartnomalar ratifikatsiya qilinishiga doir qonunlarni qo‘llab-quvvatladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid