O‘zbekiston | 21:33 / 27.11.2023
17428
4 daqiqa o‘qiladi

Markaziy Osiyoning eng baland binolari: Nest One – ikkinchi 

Toshkentdagi Nest One osmono‘pari Markaziy Osiyodagi ikkinchi baland bino bo‘ldi. Birinchi o‘rinda – Qozog‘istondagi bino. 

Toshkent markazida Nest One osmono‘par binosi qurilishi yakunlandi. Ko‘p funksiyali bino hozir O‘zbekistondagi eng baland turar joy binosi hisoblanadi: balandligi 267 metr, u 52 qavatdan iborat. Ma’lumotlarga ko‘ra, majmua konsepsiyasi «shahar ichidagi shahar»dir, chunki u barcha kerakli narsalar bilan jihozlangan: do‘konlar, restoranlar, bolalar maydonchalari, qishki bog‘, shuningdek, dam olish va sport maydonchalari. 

Nest One premium kvartiralar, ofislar va 33 ta jamoat joylarini birlashtirgan yagona ekotizim sifatida ishlab chiqilgan. Majmua binolarining har biri alohida kirish joyiga ega, ularning barchasi bir-biriga bog‘langan. Binoda 1029 ta xonadon va 29 ta tezyurar lift mavjud. 

267 metrli Nest One Markaziy Osiyodagi eng baland bino emas. Asia-Plus nashri ularni sanab o‘tdi. Qayd qilish joiz, ro‘yxatga yashash va ishlash uchun mo‘ljallangan binolar kiritilgan. Teleminoralar yoki turli monument va yodgorliklar kiritilmagan. 

Qozog‘iston - «Abu Dhabi Plaza», 311 metr, 75 qavat 

Qozog‘iston va butun Markaziy Osiyodagi eng baland bino Ostona shahridagi «Abu Dhabi Plaza» ko‘p funksiyali majmuasi hisoblanadi. 

Bu bosh qarorgohi Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahrida joylashgan Aldar Properties kompaniyasi loyihasi. Binoning umumiy balandligi 311 metr bo‘lib, 75 qavatdan iborat. 

Nest One singari, u ham qulay hayot uchun hamma sharoitga ega: supermarketdan sport majmuasigacha bo‘lgan «shahar ichidagi shahar» modeliga muvofiq ishlab chiqilgan. 

«Abu Dhabi Plaza» shuningdek, besh yulduzli Sheraton mehmonxonasi, kvartiralar, A toifali ofislar, restoran va kafelar joylashgan savdo markazi, dam olish va sayr qilish uchun maydonchalarni o‘z ichiga oladi. 

Tojikiston - Aloqa xizmati binosi, 123 metr, 30 qavat 

Tojikistonning eng baland binosi Aloqa xizmati, «Tojiktelekom» va «Pochtai tojik» uchun mo‘ljallangan bitta 30 qavatli va ikkita 25 qavatli binolardan iborat. 

Eng baland bino 30 qavatdan iborat. Uning balandligi 123 metr. Yer ostidagi 3 ta qavatda deyarli 400 ta mashina uchun to‘xtash joyi mavjud. 

3 ta ko‘pqavatli binolarni 5 qavatli stilobat birlashtiradi. Uning 4 ta qavatida zamonaviy savdo majmuasi bor. 5-qavatda majmua xodimlari uchun kafe va oshxonalar tashkil etilgan. Stilobatning tomida dam olish joylari bo‘lgan bog‘ mavjud. 17-qavatda qishki bog‘, 30-qavatda kuzatuv maydonchasi joylashgan. 

Turkmaniston - Ýyldyz mehmonxonasi, 107 metr, 24 qavat. 

Ashxobod shahridagi Ýyldyz («Yulduz») besh yulduzli mehmonxonasi Turkmanistondagi eng baland bino sanaladi. U 2013 yilda mehmonlar uchun ochilgan. Mehmonxonaning umumiy maydoni 50 ming kv.m.dan ortiq. Binoning balandligi 107 metr, 24 qavat. Bino yuqori darajadagi seysmik chidamlikka ega. 

Mehmonxonada 155 ta xona mavjud, jumladan, prezident xonalari, lyuks va standart xonalar. 60 o‘rinli restoranlaridan biri 18-qavatda joylashgan bo‘lib, Ashxobod shahrining panoramik manzarasini taqdim etadi. Birinchi qavatda 1000 o‘rinli ziyofat zali joylashgan. 

Qirg‘iziston - Bishkek Park Residence, 100 metr, 22 qavat 

Bishkek shahridagi Bishkek Park Residence qo‘sh binolari Qirg‘izistonda eng baland hisoblanadi – 100 metr. Ular «Bishkek Park» savdo majmuasi tarkibiga kiradi. 

Umuman olganda, u 22 qavatdan iborat bo‘lib, 3 tasi yerto‘la, 4 tasi savdo va ko‘ngilochar markazidan iborat. 

Aholiga qulaylik yaratish maqsadida u yerda brend do‘konlar, turli kafelar va supermarketlar joylashgan.

Mavzuga oid