Jahon | 14:20 / 27.11.2023
5901
3 daqiqa o‘qiladi

Pekinda MH370 aviahalokati qurbonlari oilalarining da’volari ko‘rib chiqilmoqda

2014 yilda Malaysia Airlines samolyoti bilan bog‘liq hodisada halok bo‘lgan xitoyliklarning 40 dan ortiq oilasi aviakompaniya, samolyot ishlab chiqaruvchi va sug‘urtalovchilardan tovon puli talab qilmoqda.

Foto: AP

Xitoyda 2014 yilda Kuala-Lumpur – Pekin yo‘nalishida g‘oyib bo‘lgan Malaysia Airlines aviakompaniyasining MH370 reysi bortida bo‘lgan o‘nlab xitoyliklarning oilalariga tovon puli to‘lash bo‘yicha sud majlislari boshlandi. Pekinda 27 noyabr, dushanba kunidan boshlangan sud jarayonida 40 dan ortiq oilaning Malaysia Airlines, Boeing aviasozlik konserni, Rolls-Royce dvigatel ishlab chiqaruvchisi va Allianz sug‘urta guruhiga qarshi da’volari ko‘rib chiqilmoqda, deb xabar berdi CCTV davlat telekompaniyasi

Oilalarning har biri 10 milliondan 80 million yuangacha (1,28 milliondan 10,3 million yevrogacha) fuqarolik tovonini undirish, shuningdek, 30 milliondan 40 million yuangacha bo‘lgan (3,85 mln - 5,1 mln yevro) ma’naviy zararni qoplash to‘g‘risida da’vo arizasi bilan chiqdi. CCTV ta’kidlashicha, 110 dan ortiq boshqa yo‘lovchilarning oilalari javobgarlar bilan kelishuvga erishib, 2,5 milliondan 3 million yuangacha pul olgan. 

Kompensatsiyadan tashqari, asosiy e’tibor samolyotning g‘oyib bo‘lishi holatini oydinlashtirishga qaratilgan. Biroq, Xitoy sudi kompensatsiya talablarini qondirishda qanday yurisdiksiyaga ega ekani noma’lum. Malayziya Transport vazirligi va Malaysia Airlines aviakompaniyasi sud jarayoniga izoh berishdan bosh tortdi. 

MH370 reysi deyarli 10 yil oldin g‘oyib bo‘lgan

Boeing 777 samolyoti 2014 yil 8 mart kuni g‘oyib bo‘lgan, uning bortida 239 kishi, asosan Xitoy fuqarolari bo‘lgan. Samolyot halokati bo‘yicha tergov 4 yil davom etdi, bu vaqt ichida fojia sabablarini aniqlashning imkoni bo‘lmadi va Hind okeanidagi 120 ming kvadrat kilometr maydonda qidiruv ishlari olib borildi, faqat bir nechta bo‘laklar topilgan. 2017 yil yanvar oyida Avstraliya boshchiligidagi aviatsiya tarixidagi eng yirik qidiruv operatsiyasi hech qanday natija bermay yakunlandi. 2018 yildagi xususiy qidiruv operatsiyasi ham muvaffaqiyatsiz tugadi. 

MH370 halokati aviatsiya tarixidagi eng sirli hodisalardan biri hisoblanadi. Havoga ko‘tarilganidan bir soat o‘tgach, samolyot ekipaji oxirgi marta aloqaga chiqqan, keyin samolyot boshlang‘ich yo‘nalishidan chetlashib, radarlardan g‘oyib bo‘lgan va ogohlantirish tizimlarini o‘chirgan, biroq havoda 7 soatdan ko‘proq vaqt davomida bo‘lgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, MH370 suvga sho‘ng‘ish natijasida vayron bo‘lgan, ekipaj suvga qo‘nishga urinib ko‘rmagan. Rasmiy hisobotda qayd etilishicha, «layner taqdiriga ayrim uchinchi shaxslarning aralashuvi ehtimolini inkor etib bo‘lmaydi». 

Mavzuga oid