Jahon | 23:08 / 03.12.2025
15462
4 daqiqa o‘qiladi

Malayziya MH370 reysi yo‘qolganidan 10 yil o‘tib, uni qidiruv ishlarini yana davom ettiradi

Samolyotning g‘oyib bo‘lishi aviatsiya tarixidagi eng katta jumboqlardan biri bo‘lib qolmoqda. Uning bortida 239 kishi bor edi.

Foto: AP

Kuala-Lumpurdan Pekinga MH370 reysini amalga oshirgan Malaysia Airlines aviakompaniyasining Boeing samolyoti qoldiqlarini qidirish ishlari 30 dekabrda, bortida 239 kishi bo‘lgan samolyot g‘oyib bo‘lganidan 10 yildan ko‘proq vaqt o‘tib qayta boshlanadi. Bu haqda Malayziya hukumati ma’lum qildi, deb xabar berdi BBC.

Bu joriy yilning mart oyida boshlangan, ammo tez orada yomon ob-havo sharoiti tufayli to‘xtatilgan qidiruv ishlarining davomidir.

Rejaga ko‘ra, qidiruv operatsiyasi 55 kun davom etadi. Qidiruv aynan qayerda o‘tkazilishi ma’lum qilinmagan.

«So‘nggi voqealar Malayziyaning ushbu fojiadan jabr ko‘rgan oilalarni qo‘llab-quvvatlashga intilishini ta’kidlaydi», deb ma’lum qildi mamlakat transport vazirligi.

MH370 reysini amalga oshirayotgan Boeing 777 samolyoti 2014 yil 8 martda g‘oyib bo‘lgan. Laynerning sirli g‘oyib bo‘lishidan so‘ng aviatsiya tarixidagi eng katta va qimmat qidiruv ishlari olib borildi.

Qidiruv ishlarini Ocean Infinity kompaniyasi olib boradi. Shartnoma shartlariga ko‘ra, agar layner bo‘laklari topilmasa, kompaniya hech qanday pul mukofoti olmaydi. Agar uning qoldiqlari topilsa, Ocean Infinity 70 mln dollar oladi, bu haqda avvalroq transport vaziri Loke Syu Fuk ma’lum qilgandi.

Layner yo‘qolganidan keyin 2014 yilda boshlangan qidiruv ishlarida ko‘plab davlatlar ishtirok etdi, 26 mamlakatdan 60 ga yaqin kema va 50 ta samolyot jalb qilindi. Minglab okeanograflar, aviakonstruktor-muhandislar va havaskor qidiruvchilar parvoz qayerda tugaganini hisoblashga urinib, parvoz haqidagi uzuq-yuluq ma’lumotlarni o‘rgandi.

2015 yil iyul oyida Hind okeanidagi Reyunion oroli qirg‘og‘ida samolyotga tegishli deb taxmin qilinayotgan bir nechta katta bo‘lak topildi. Qidiruv ishlari faqat 2017 yil yanvar oyida yakunlandi. 2018 yil yanvarda boshlangan Ocean Infinity kompaniyasining takroriy qidiruv ishlari ham 6 oydan so‘ng samarasiz yakunlandi.

MH370 reysini amalga oshirgan samolyot 2014 yil 8 martda havoga ko‘tarilganidan bir soat o‘tib g‘oyib bo‘lgan. Bortida 227 yo‘lovchi va 12 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan Boeing 777-200 samolyoti Vetnam havo hududini kesib o‘tishi kerak edi va qandaydir sababga ko‘ra yo‘nalishni keskin o‘zgartirdi, shundan so‘ng dispetcherlar bilan aloqa uzildi.

Radar ma’lumotlari laynerning dastlabki yo‘nalishdan chetga chiqqanini ko‘rsatmoqda. 2018 yilgi qidiruvlardan so‘ng, matbuotda kursdan chetga chiqish qasddan qilingan bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi.

Ekipaj qandaydir sababga ko‘ra samolyotni Tailand va Malayziya aviadispetcherlari mas’ul bo‘lgan hududlar chegarasiga atayin yo‘naltirgan bo‘lishi mumkin, bu yerda layner ikkala davlat radarlari tomonidan sezilmay qolishi mumkin edi.

Malaysia Airlines samolyotining yo‘qolishi eng sirli aviatsiya hodisalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Shu yillar davomida qidiruvlarni davom ettirishga chaqiriqlar ko‘p marta yangradi.

Laynerning g‘oyib bo‘lishi, shuningdek, ko‘plab fitna nazariyalarini, jumladan, uchuvchi samolyot halokatini ataylab uyushtirgan bo‘lishi mumkinligi yoki layner jinoyatchilar tomonidan havoda egallab olingani haqidagi taxminlarni keltirib chiqardi.

2018 yilda e’lon qilingan 495 sahifalik surishtiruv hisobotida aytilishicha, Boeing 777 boshqaruvi yo‘nalishdan og‘ish maqsadida ataylab o‘zgartirilgan bo‘lishi mumkin. Shunda tergovchilar xulosa yakuniy emasligini, barcha savollarga javob faqat samolyot bo‘laklari topilgandan keyingina olinishi mumkinligini aytishgandi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid