O‘zbekiston | 13:37 / 27.11.2023
10386
1 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev yirik energetika loyihalariga start berdi

O‘zbekiston prezidenti Saudiya Arabistonining ACWA Power kompaniyasi bilan amalga oshirilayotgan loyihalar - Sirdaryo viloyatida 1500 megavatt quvvatli zamonaviy bug‘-gaz elektr stansiyasini tarmoqqa ulash hamda Toshkent viloyatida “yashil vodorod”ni “pilot” tarzda ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etishni boshlash marosimida ishtirok etdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Sirdaryodagi qiymati 1,1 milliard dollar bo‘lgan issiqlik elektr stansiyasi loyihasi 3 milliondan ziyod xonadon va yuzlab sanoat korxonalarining elektr energiyasiga ehtiyojini ta’minlashga imkon beradi.

Bundan tashqari, mintaqada ilk bor “yashil vodorod” ishlab chiqarish bo‘yicha o‘xshashi yo‘q korxona tashkil etilmoqda. Bu pilot loyiha doirasida birinchi bosqichda 3 ming tonna vodorod ishlab chiqariladi va keyinchalik mineral o‘g‘itlarga qayta ishlanadi, shuningdek, 52 megavattlik shamol elektr stansiyasi quriladi.

Umuman, ACWA Power kompaniyasi ishtirokida O‘zbekistonda 7,5 milliard dollarlik yirik energetika loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Bu loyihalarning ishga tushirilishi 2030 yilga borib 25 gigavatt qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini yaratish, 4,5 milliard kub metr gazni iqtisod qilish va atmosferaga zararli moddalar tashlanmalarini 3 million tonnagacha qisqartirish imkonini beradi.

Mavzuga oid