Jahon | 13:30 / 29.11.2023
4019
5 daqiqa o‘qiladi

«Chegara bilmas muxbirlar» matbuot erkinligi uchun mukofotlarini topshirdi

Bryusselda «Chegara bilmas muxbirlar» hakamlar hay’ati 2023 yilning eng jasur jurnalistlarini taqdirladi. Ular orasida misrlik bloger, kolumbiyalik va gvatemalalik ikki jurnalist hamda fransiyalik fotosuratchi bor.

Foto: PHILIPPE LOPEZ/AFP/Getty Images

28 noyabr, seshanba kuni Bryusselda «Chegara bilmas muxbirlar» (RSF) xalqaro nohukumat tashkilotining matbuot erkinligi bo‘yicha 31-mukofotlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi

«Ta’sir» nominatsiyasida mukofot kolumbiyalik jurnalist Xuan Pablo Barriyentosga topshirildi. Uning ishi tufayli 2022 yilda Kolumbiya jinsiy jinoyatlarda ayblangan 26 katolik ruhoniylarining shaxsini aniqladi. «Bolalar mening oldimga kelyapti» kitobi muallifi so‘nggi yetti yil davomida ushbu va boshqa korrupsiya holatlari bo‘yicha o‘tkazgan surishtiruvlari uchun ta’qib va senzuraga uchragan. «Uning materiallari Kolumbiya xalqiga jinoyatchilarni aniqlash va jazosizlikka qarshi kurashish imkonini beradi», deb ta’kidladi «Chegara bilmas muxbirlar». 

Misrlik blogerning ismi - «jasur jurnalistikaning sinonimi»

«Jasorat» nominatsiyasidagi mukofot misrlik bloger Muhammad Ibrohim Radvanga topshirildi. Tashkilotchilarning so‘zlariga ko‘ra, Misrda uning nomi, to‘g‘rirog‘i Muhammad Oksijyen taxallusi jasur jurnalistika bilan sinonimdir. 2019 yil boshida u besh yillik qamoq jazosidan keyin ozodlikka chiqdi. Rasmiylar uning jurnalistik faoliyatini davom ettirishiga ruxsat bermadi va uni nazorat ostiga oldi. Ammo o‘sha yilning sentabr oyida Misrda norozilik namoyishlari boshlanganda, Egypt's Oxygen («Misr kislorodi») blogi muallifi hamma narsaga qaramay, namoyishlarni yoritib bordi. Uning axborot olish huquqiga sodiqligi rasmiylar tomonidan bo‘ysunmaslik harakati sifatida qabul qilindi. U qayta hibsga olindi va «yolg‘on xabar chop etgani» uchun besh yilga ozodlikdan mahrum etildi.

«Mustaqillik» nominatsiyasida mukofot gvatemalalik jurnalist, yigirma yil davomida Gvatemala siyosiy elitasining korrupsiyasini fosh qilgan elPeriódico gazetasi asoschisi Xose Ruben Samoraga topshirildi. U bir necha bor tahdidga uchragan va jinoiy javobgarlikka tortilgan, 2022 yil iyul oyida esa pul yuvish bo‘yicha soxta ayblovlar bilan hibsga olingan va deyarli bir yil tergov hibsxonasida o‘tirgan. 2023 yil may oyida elPeriódico yopilishga majbur bo‘ldi. Unga 2023 yil iyun oyida chiqarilgan olti yillik qamoq jazosi 13 oktyabrda apellyatsiya bo‘yicha bekor qilingan bo‘lsa-da, Samora yangi sud jarayonigacha hibsda qolmoqda. 

Fotosuratchilar uchun yangi mukofot

Bu yil «Chegara bilmas muxbirlar» mukofoti ilk bor yangi toifada – fotojurnalistlar uchun topshirildi. U 2011 yilda halok bo‘lgan yosh fotojurnalist sharafiga «Lukas Dolega - SAIF» deb nomlandi. Mukofot g‘olibi fransiyalik Karin Per bo‘ldi. Uning fotosuratchi sifatidagi karerasi 2015 yil noyabr oyida Parijdagi teraktlardan keyin boshlangan, 2017 yil oxirida esa Per Hans Lucas agentligiga qo‘shildi. U Liviyadagi front chizig‘idan reportajlar tayyorladi, ikki yil davomida Bayrutda Le Monde va Washington Post bilan hamkorlikda ishladi. 

Per Pokistonda olingan «Meni uyga olib ket!» fotoreportaji uchun taqdirlandi. Unda Karachi va Multandagi ikki boshpana tasvirlangan, ularda yuzlab rad etilgan ayollar va bolalar saqlanadi. «Eri tomonidan tashlab ketilgan, oilasi tomonidan rad etilgan, ko‘p yillik zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan bu ayollarning aksariyati qolgan umrlarini shu devorlar ichida o‘tkazadi», deb yozadi «Chegara bilmas muxbirlar». 

Taqdirlash marosimida tinchlik uchun 2022 yilgi Nobel mukofoti laureati, Ukraina Fuqarolik erkinliklari markazi rahbari Aleksandra Matviychuk ishtirok etdi. Mukofotga 18 davlatdan 21 jurnalist, jumladan, Bellingcat tadqiqot nashri rahbari, Rossiyada sirtdan hibsga olingan Xristo Grozev va Belarusda yopib qo‘yilgan Tut.by yangiliklar sayti muharriri, mart oyida 12 yilga qamalgan Marina Zolotova nomzodi ilgari surilgan.

Mavzuga oid