O‘zbekiston | 22:02 / 05.12.2023
7171
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘ona aeroportining yopilishi haqidagi xabarlar rad etildi 

Aeroport odatdagi rejimda ishlamoqda, unda zamonaviy uskunalar o‘rnatilmoqda. 

Uzbekistan Airways aviakompaniyasi reyslarining Farg‘ona aeroportidan Namangan va Toshkent aeroportiga o‘tkazilishi haqidagi ma’lumotlar Farg‘ona aeroportining yopilishini anglatmaydi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar berdi. 

Qayd qilinishicha, Farg‘ona xalqaro aeroportida Transport vazirligi huzuridagi «O‘zaeronavigatsiya» DUK tomonidan zamonaviy uskunalar (uzoq masofali DME/NL2700 radiomayoq va SP-200 radionavigatsiya uskunasi) o‘rnatilmoqda. Ta’kidlanishicha, bu aeroportning aeronavigatsiya tizimlari faoliyatini yaxshilashga xizmat qiladi. 

«Ushbu ishlar aeroport faoliyatini to‘xtatish va uni vaqtincha yopish uchun asos bo‘lmaydi. Farg‘ona xalqaro aeroporti odatdagi rejimda ishlamoqda», deyiladi xabarda. 

Qayd qilinishicha, Farg‘onaga milliy aviatashuvchidan tashqari «Turkish Airlines», «Aeroflot», «Azimut», «Qanot Sharq», «Centrum Air», «Utair», «Ural Airlines», «S7», «Silk Avia» kabi aviakompaniyalar ham parvozlarni amalga oshirmoqda. Ularning reyslari ko‘chirilishi haqida hech qanday xabar berilmagan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid