O‘zbekiston | 14:59 / 06.12.2023
9663
4 daqiqa o‘qiladi

YeIning sanksiyalar bo‘yicha vakili: O‘zbekistondan so‘rovimiz 45 ta mahsulotga qaratilgan

Yevropa Ittifoqi harbiy maqsadlarda ishlatilishi mumkin bo‘lgan 45 turdagi mahsulotning Rossiyaga O‘zbekiston orqali reeksport qilinishiga yo‘l qo‘ymaslikni so‘ramoqda. YeIning sanksiyalar bo‘yicha vakili Devid O’Sallivanga ko‘ra, Ittifoq O‘zbekistonning RF bilan an’anaviy savdo aloqalarini hurmat qiladi, tashkilotning xavotiri savdoning sanksiyalar chetlab o‘tiladigan yangi ko‘rinishlari bilan bog‘liq.

Devid O’Sallivan O‘zbekiston Markaziy bankidagi uchrashuvda

Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonning Ukrainadagi urush borasida neytral pozitsiyada bo‘lish tanlovini hurmat qiladi, ayni paytda, rasmiy Toshkentdan Rossiyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalarning O‘zbekiston hududi orqali chetlab o‘tilishiga yo‘l qo‘ymaslikni so‘raydi. Bu haqda Toshkentga kelgan Yevroittifoqning sanksiyalar bo‘yicha vakili Devid O’Sallivan Gazeta.uz'ga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

“Biz O‘zbekistonning suverenitetini, O‘zbekiston bu mojaroda tarafkashlik qilishni, kimningdir tarafida bo‘lishni yoki xalqaro koalitsiya tomonidan qabul qilingan sanksiyalarni qabul qilishni istamasligini to‘liq tushunamiz va hurmat qilamiz. Biroq, O‘zbekiston sanksiyalarimizni chetlab o‘tish yoki ulardan qochish uchun platforma sifatida foydalanilishi mumkinligidan xavotirdamiz. O‘zbekiston rasmiylari buni istamasligini ochiq-oydin ma’lum qilgan. Muhokamalarimiz mazmuni shundan iborat”, – dedi Yevroittifoq rasmiysi.

Devid O’Sallivan Toshkentga shu yil aprel oyida ham kelgan edi. Unga bu galgi tashrifida AQSh va Buyuk Britaniya rasmiylari ham hamrohlik qilmoqda. Ular Markaziy bank, Bojxona qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar va sanoat vazirligi mutasaddilari bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda.

YeIning sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakiliga ko‘ra, ittifoq tomonidan O‘zbekistonga sanksiyaviy rejim borasida qo‘yilayotgan asosiy talab – harbiy maqsadlarda ham ishlatilishi mumkin bo‘lgan 45 ta mahsulotga qaratilgan.

“Shuni ta’kidlashni istardimki, O‘zbekistondan so‘ralayotgan sa’y-harakatlar uning umumiy savdo hajmining 1 foizidan kamrog‘ini tashkil etuvchi 45 ta mahsulotga qaratilgan. Biz O‘zbekistonning Rossiya bilan an’anaviy savdosiga yoki Rossiya bilan qonuniy savdosiga – siz Rossiya bilan doimo savdo qilib kelgan tovarlarga zarar yetkazish istagida emasmiz. Bu, albatta, davom etaveradi. Biz savdoning sanksiyalarimizni chetlab o‘tishga urinishlar natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yangi ko‘rinishlaridan xavotirdamiz. Biz hech qanday tarzda O‘zbekistonning an’anaviy savdo yo‘llariga putur yetkazmoqchi emasmiz, agar ular sanksiya ostidagi tovarlar bilan bog‘liq bo‘lmasa”, – dedi O’Sallivan.

Foto: Gazeta.uz

Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevroittifoq mamlakatlarida ishlab chiqarilgan va harbiy maqsadlarga qo‘llanishi mumkin bo‘lgan tovarlarning O‘zbekiston orqali Rossiyaga reeksporti qisqargani bo‘yicha dastlabki ijobiy o‘zgarishlar kuzatilgan.

“Biroq, aytishim kerakki, hozirda statistik ma’lumotlar yetarli emas. Va bugungi muhokamalar doirasida O‘zbekiston tomoni bu ma’lumotlarni yaqin bir necha kunlarda taqdim etish majburiyatini oldi. Umid qilamanki, bu birinchi tashrifimizdan keyin biz ko‘rgan tendensiya bugungi kungacha davom etayotganidan dalolat beradi”, – dedi YeI maxsus vakili.

Eslatib o‘tamiz, Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 12-paketini e’lon qilishga tayyorlanmoqda. OAVga ko‘ra, undan O‘zbekistonning bir nechta kompaniyalari ham o‘rin oladi. Hozirgacha O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan “Alfa Beta Creative” MChJ va “GFK Logistic Asia” MChJ YeIning sanksion ro‘yxatiga tushgan.

Mavzuga oid