Jahon | 13:45 / 10.12.2023
18979
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda sovuqda qolib ketgan avtobusdan o‘zbekistonliklar evakuatsiya qilindi

Yo‘lovchilar uch soatdan ortiq vaqt davomida to‘xtab turgan avtobusda qolishgan.

Foto: Kazinform

Qozog‘istonda 9 dekabr kuni sovuq tufayli yo‘lda qolib ketgan avtobusdan 28 nafar xorijlik evakuatsiya qilindi. Bu haqda Kazinform xabar berdi.

Avtobus noqulay ob-havo sababli Oqmola oblasti hududida, Ostona—Petropavlovsk avtomobil yo‘lining nazorat-o‘tkazish punktida to‘xtatilgan. 

Evakuatsiya qilinganlarning 26 nafari Tojikiston, ikki nafari O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan. Ular orasida ikki bola ham bor.

Oqmola oblasti FVV kuchlari va mahalliy ijro organlari o‘tkazgan amaliyot yakunida yo‘lovchilar Kokshetau shahridagi isinish punktiga olib kelinib, ovqat va yotoq bilan ta’minlangan.

Yo‘lovchi ayollardan biri avtobus 3 soatdan ortiq to‘xtab qolganini aytgan.

«Shunday ob-havo tufayli muammolar yuzaga keldi. Biz u yerda uch soatdan ortiq vaqt turib qoldik. FVV xodimlari bizni shu yerga olib kelishdi. Bu yerda yegulik ham, to‘shaklar ham bor», - deya qayd etgan u.

Oqmola oblasti qutqaruvchilari favqulodda vaziyatda qolib ketganda 112 raqamiga qo‘ng‘iroq qilish lozimligini eslatgan.

Mavzuga oid