Jahon | 11:24 / 11.12.2023
6171
3 daqiqa o‘qiladi

Venesuela va Gayana Essekibo bo‘yicha muzokaralar haqida kelishib oldi

Venesuela va Gayana chegarasidagi vaziyat dekabr oyi boshida Nikolo Maduro Essekibo hududi Venesuela tarkibiga qo‘shilishini e’lon qilganidan keyin keskinlashgan.

Foto: REUTERS/Leonardo Fernandez Viloria

Venesuela va Gayana Essekibo provinsiyasi atrofidagi vaziyat yuzasidan muzokaralar olib boradi. Uchrashuv 14 dekabr, payshanba kuniga belgilangan hamda Sent-Vinsent va Grenadin orollarida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Venesuela tashqi ishlar vaziri Ivan Xil 10 dekabr, yakshanba kuni X'dagi blogida ma’lum qildi.

Muzokaralar haqidagi kelishuvdan oldin Braziliya prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva hamda Sent-Vinsent va Grenadin bosh vaziri Ralf Gonsalves Venesuela rahbari Nikolas Maduro bilan telefon orqali muloqot qilgan. Maduro, shuningdek, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan muzokaralar o‘tkazdi, uning davomida bosh kotib Venesuela va Gayana o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotga ko‘mak ko‘rsatishga va’da berdi. Gayana prezidenti Irfaan Alining idorasi uning uchrashuvga roziligini tasdiqladi. «Gayananing quruqlikdagi chegarasi muhokama qilinmaydi», deb ta’kidladi davlat rahbari idorasi.

Maduro Essekiboni Venesuela tarkibiga qo‘shish to‘g‘risidagi farmonlarni imzoladi

Dekabr oyi boshida Maduro Essekibo masalasi bo‘yicha Venesuelada o‘tkazilgan referendumdan so‘ng Gayana chegarasidan taxminan 100 km uzoqlikda yangi harbiy baza yaratish rejasini e’lon qildi, bunda rasmiy natijalarga ko‘ra, ovoz berganlarning 95 foizi mintaqani anneksiya qilish tarafdori bo‘lgan.

Gayana o‘z hududining bir qismini berishdan bosh tortdi hamda xalqaro tinchlik va xavfsizlikni tiklash uchun cheklovchi choralar yoki harbiy harakatlarga ruxsat berishi mumkin bo‘lgan tashkilot nizomining 41- va 42-moddalarini qo‘llash uchun BMT Xavfsizlik kengashiga murojaat qilishga tayyorligi haqida ogohlantirdi.

6 dekabrda Venesuela o‘z armiyasini safarbar qildi. Shundan so‘ng Maduro Essekiboni Venesuela tarkibiga qo‘shadigan farmonlarni imzoladi.

Essekibo foydali qazilmalarga boy mintaqa

Venesuela 1811 yilda mustaqil davlat bo‘lganidan beri Essekiboga da’vo qilib keladi. Gap xuddi shu nomdagi Essekibo daryosining g‘arbiy qismidagi umumiy maydoni 160 ming kvadrat kilometr bo‘lgan hudud haqida bormoqda, u Gayana hududining to‘rtdan uch qismini egallagan va hozirda uning nazorati ostida. Essekibo asosan o‘tib bo‘lmaydigan o‘rmonlardir, ammo neft, gaz, oltin va misning katta zaxiralariga ega.

Mavzuga oid