Jahon | 11:45 / 12.12.2023
3192
2 daqiqa o‘qiladi

2024 yilda insonparvarlik yordami uchun 46 mlrd dollar kerak bo‘ladi

BMT Suriya, Ukraina, Afg‘oniston, Efiopiya, Yaman va boshqa 67 davlat aholisiga shoshilinch yordam ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan mablag‘ miqdorini belgiladi. Jyenevada ta’kidlanishicha, mamlakatlar bu xarajatlarni moliyalashtirishga yetarli darajada tayyor emas.

Foto: Khaled Ziad/AFP

Sayyoraning turli qismlarida sodir bo‘lgan gumanitar inqiroz oqibatlarini bartaraf etish uchun BMTga 2024 yilda 46,4 milliard dollar kerak bo‘ladi. BMT 11 dekabr, dushanba kuni Jyenevada bu boradagi kelgusi yil istiqbollarini «ma’yus» deb baholadi. Agar shoshilinch insonparvarlik yordami uchun yetarli mablag‘ bo‘lmasa, bu odamlar hayotiga tahdid soladi, deyiladi bayonotda.

Tashkilot ushbu mablag‘lar hisobidan 72 mamlakatda insonparvarlik yordami xarajatlarini qoplashni rejalashtirmoqda, hozirda eng katta ehtiyoj Suriya, Ukraina, Afg‘oniston, Efiopiya va Yamanda kuzatilmoqda.

BMT so‘ralayotgan yordamni 2023 yilga nisbatan biroz qisqartirdi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining favqulodda vaziyatlarda yordam ko‘rsatish bo‘yicha koordinatori Martin Griffitsning aytishicha, yordam xodimlari «hayotni saqlab qoladilar, ochlik bilan kurashadilar, bolalarni himoya qiladilar, epidemiyalardan saqlaydilar, boshpana va sanitariya sharoitlarini ta’minlaydilar». Biroq xalqaro hamjamiyat tashkilotning tegishli ehtiyojlarini yetarli darajada qondirmayapti, deya qo‘shimcha qildi u.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2023 yil uchun gumanitar yordamga ehtiyojni 56,7 milliard dollarga baholagan, biroq bu mablag‘ning uchdan bir qismidan salgina ko‘prog‘ini olgan. Bu - 2010 yildan beri insonparvarlik yordami uchun xayriyalar kamaygan birinchi yil bo‘ladi. Shu munosabat bilan BMT ushbu maqsadlar uchun so‘ralgan mablag‘larning umumiy miqdorini kamaytirishga qaror qildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid