O‘zbekiston | 19:45 / 12.12.2023
3042
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahrida test rejimida daraxtlarni pasportlashtirish o‘tkaziladi 

Birinchi bosqichda aerokosmik tasvirlar va dasturiy vositalardan foydalangan holda mavjud daraxtlar to‘liq xatlovdan o‘tkaziladi. 

Foto: Ekologiya vazirligi

Toshkent shahrida test rejimida daraxtlarni pasportlashtirish jarayoni o‘tkaziladi. Bu haqda Ekologiya vazirligi xabar berdi. 

Qayd qilinishicha, jarayon 3 bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda aerokosmik tasvirlar va dasturiy vositalardan foydalangan holda mavjud daraxtlar to‘liq xatlovdan o‘tkaziladi (yakka tartibdagi uy-joylar hududidagi daraxtlar bundan mustasno). Keyin vazirlikning Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan ishlab chiqilgan tizim yordamida har bir daraxtning koordinatasi aniqlanadi. Ikkinchi bosqichda xatlov natijasiga ko‘ra aniqlangan daraxtlarning yoshi, turi, bo‘yi, holati va joylashuv koordinatasini aks ettiruvchi ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi. Uchinchi bosqichda esa ma’lumotlar bazasi asosida «Yashil makon» elektron platformasida har bir daraxtga pasport shakllantiriladi va ID raqam beriladi. 

Daraxtlarni pasportlashtirish jarayoni ularning geoaxborot bazasini yaratish, to‘liq hisobini yuritish, daraxtlarni mas’ul idoralarga topshirish, daraxtlarni saqlash va parvarish qilishni ta’minlash, soni va joylashishiga qarab yangi daraxtlarni ekish, shuningdek, eskilarini holati va turiga qarab almashtirishni rejalashtirishda qaror qabul qilish, shahar obodonlashtirish ishlarini rejalashtirish va yer ajratishda daraxtlar haqida aholini batafsil xabardor qilish imkonini berishi ta’kidlanmoqda. 

Shu bilan birga, pasportlashtirish daraxtlarni noqonuniy kesish ustidan nazoratni kuchaytirish, o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar miqdorini daraxtning turi va diametridan kelib chiqib hisoblashga zamin yaratadi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid