Jahon | 09:35 / 20.12.2023
4967
2 daqiqa o‘qiladi

Slovakiyada minglab odamlar hukumatga qarshi namoyishga chiqdi

Slovakiya bosh vaziri Fitso kabineti shov-shuvli korrupsiya ishlari bilan shug‘ullanuvchi maxsus prokuraturani tugatmoqchi. Bu tashabbus muxolifatning noroziligiga sabab bo‘ldi.

Foto: Vaclav Salek/CTK/picture alliance

19 dekabr, seshanba kuni Slovakiyaning bir qancha shaharlarida hukumat va bosh vazir Robert Fitsoga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Bratislavada 15 mingdan 18 minggacha odam ko‘chaga chiqdi, deb xabar bermoqda mahalliy OAV. Namoyishlar mamlakat sharqidagi Koshitsa va boshqa bir qancha shaharlarda ham bo‘lib o‘tdi, deya xabar beradi TASR axborot agentligi. 

Namoyishchilar hukumatning uyushgan jinoyatchilik va siyosiy jinoyatlar bilan shug‘ullanuvchi maxsus prokuraturani tugatish rejasiga norozilik bildirmoqda. Namoyishlarni uyushtirgan muxolifat partiyalari qonun ustuvorligiga tahdid borligi haqida ogohlantirdi va hokimiyatni Fitsoning markaziy so‘l populistik «Yo‘nalish - sotsial-demokratiya» partiyasi hukmronligi davrida yuqori lavozimli siyosatchilar o‘rtasidagi korrupsiyani yashirishga urinayotganlikda aybladi. «Biz qishda ham, hatto bayramlarda ham demokratiyani himoya qilamiz», dedi liberal «Progressiv Slovakiya» partiyasi rahbari Mixal Shimechka poytaxtda yig‘ilganlarga qarata. 

Fitso kabineti maxsus prokuraturani «siyosiylashtirilgan» deb hisoblaydi 

Maxsus prokuratura, birinchi navbatda, mafiyaga qarshi kurashish uchun yaratilgan, lekin ayni paytda shov-shuvli korrupsiya ishlari bilan shug‘ullanadi. Oktyabr oyidan beri ishlayotgan yangi vazirlar mahkamasi Fitso boshchiligida bir necha kun oldin ushbu tuzilmani haddan tashqari «siyosiylashtirilgan» deb hisoblab, tugatishga qaror qildi. Xususan, bosh vazir bu organni o‘z safdoshlariga nisbatan noxolislikda aybladi. 

Bir kun avval Lyuksemburgdagi Yevropa yagona prokuraturasi rejalashtirilgan ishni «qonun ustuvorligini buzishning jiddiy xavfi» deb ta’riflagan edi. Slovakiya parlamenti bahsli islohotni 2024 yil yanvarida ko‘rib chiqmoqchi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid