Jahon | 12:50 / 21.12.2023
6239
3 daqiqa o‘qiladi

Argentina prezidenti keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlarni va’da qildi

Libertar prezident tomonidan e’lon qilingan chora-tadbirlar mehnat va ko‘chmas mulk bozorini isloh qilishni o‘z ichiga oladi hamda davlat kompaniyalarini xususiylashtirishga yo‘l ochadi.

Foto: Getty Images

Argentinaning yangi prezidenti Haver Miley 20 dekabr, chorshanba kuni iqtisodiyotni tartibga solishni bekor qilishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘plamini e’lon qildi. Bu chora-tadbirlar 300 ta amaldagi normalarni bekor qilish yoki o‘zgartirishni nazarda tutadi, dedi davlat rahbari o‘z telemurojaatida. U joriy tartib-qoidalar iqtisodiy o‘sishga to‘sqinlik qilayotganiga ishora qilib, islohotlarning dolzarbligini ta’kidladi.

Xususan, mehnat va ko‘chmas mulk bozorini tartibga soluvchi bir qator qonunlar bekor qilinishi kutilmoqda. Mehnat qonunchiligi islohoti «haqiqiy ish o‘rinlarini» yaratishga ko‘maklashish uchun mo‘ljallangan, deb tushuntirdi Miley. Bundan tashqari, barcha davlat kompaniyalari ularni yanada xususiylashtirish maqsadida aksiyadorlik jamiyatlariga aylantiriladi. 

Shu kuni minglab odamlar Buenos-Ayresda yangi hukumatning liberal iqtisodiy siyosatiga qarshi namoyishga chiqdi. Namoyish asosan tinch o‘tdi. Avvalroq rasmiylar namoyishchilar ko‘chalarni to‘sib qo‘ysa, keskin javob berish bilan tahdid qilgan edi. 

Argentina iqtisodiyotining muammolari 

YaIM bo‘yicha Janubiy Amerikaning ikkinchi yirik davlati og‘ir iqtisodiy inqirozda. Inflatsiya darajasi 160 foizdan oshadi, aholining qariyb 40 foizi qashshoqlik chegarasida yashaydi. Muammolarni yengib o‘tishga, jumladan, haddan tashqari «shishib» ketgan davlat apparati, mehnat unumdorligining pastligi va yashirin iqtisodiyotning yuqori darajasi to‘sqinlik qilmoqda. 

Miley BRICS’da ishtirok etish va hukumatning fuqarolar hayotiga aralashuviga qarshi 

Libertarlar partiyasi rahbari Haver Miley dekabr oyi boshida Argentina prezidenti lavozimini egalladi. U mamlakatning BRICS guruhiga qo‘shilishi g‘oyasini qo‘llab-quvvatlamaydi, davlatning fuqarolar hayotiga minimal aralashuvini yoqlaydi, Markaziy bankni tugatmoqchi va milliy valuta – pesoni AQSh dollariga almashtirishni taklif qilyapti. Iqtisodiy muammolarni hal qilish uchun Miley budjet xarajatlarini jiddiy ravishda qisqartirish niyatida. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid