Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Germaniyada Ukraina bilan birdamlik solig‘ini joriy etish taklif qilindi
Soliq orqali Kiyevga harbiy yordamni moliyalashtirish mumkin bo‘ladi, deydi Germaniya hukumati qoshidagi «Donolar kengashi» rahbari Monika Shnitser. Uning fikricha, nemis soliq to‘lovchilaridan birdamlik solig‘ini undirish to‘liq oqlanadi.
Germaniya hukumati huzuridagi Iqtisodiy ekspertlar kengashi («Donolar kengashi») raisi Monika Shnitser Ukrainaga yordam berish uchun daromad solig‘iga qo‘shimcha to‘lovni - Ukraina bilan birdamlik solig‘ini (Ukraine-Solidaritätszuschlag) joriy etishga chaqirdi. «Maxsus voqealar maxsus chora-tadbirlarni talab qiladi. Harbiy yordam uchun daromad solig‘iga qo‘shimcha sifatida Ukraina bilan birdamlik solig‘ining kiritilishi bu muammoga javob bo‘lishi mumkin», - deya tushuntirdi Shnitser 23 dekabr kuni chop etilgan Rheinische Post gazetasiga bergan intervyusida.
U bunday chora ommabop bo‘lmasligini tan oldi. «Ammo, oxir-oqibat, bu urushda biz o‘z xavfsizligimiz haqida gapiryapmiz. Rossiya harakatlari kutilmaganda butunlay boshqacha choralarni talab qilganidan ko‘ra, hozir kerakli ishlarni bajarib qo‘ygan ma’qul», - dedi «Donolar kengashi» rahbari.
Germaniyadan Ukrainaga katta hajmdagi yordam
Hozirda Germaniyada hukmronlik qilayotgan koalitsiya tarkibiga kiruvchi Erkin demokratik partiya (EDP) Germaniyada ham soliqlarning oshirilishiga, ham yangilarining kiritilishiga yo‘l qo‘ymaslikka va’da berdi.
Koalitsiya yetakchilari allaqachon Ukrainaga keng ko‘lamli yordamni kafolatlagan. «Ushbu yordam oddiy budjetdan moliyalashtiriladi - xuddi biz rejalashtirganidek», dedi o‘tgan hafta Germaniya kansleri Olaf Shols.