O‘zbekiston | 13:05 / 27.12.2023
6161
4 daqiqa o‘qiladi

Iqtisodiy protsessual kodeksiga qo‘shimchalar kiritildi 

Apellyatsiya va kassatsiya instansiyalari sudlari tomonidan ishlarni yangidan ko‘rish uchun birinchi instansiya sudlariga yuborish tartibi bekor qilindi hamda ularning zimmasiga ish bo‘yicha yakuniy qaror chiqarish mas’uliyati yuklatildi.

Foto: Norma.uz

Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan Iqtisodiy protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Viloyat sudlari va ularga tenglashtirilgan sudlar tomonidan apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan ishlarni mazkur sudlarda taftish tartibida ko‘rish bosqichi joriy etildi.

Apellyatsiya va kassatsiya instansiyalari sudlari tomonidan ishlarni yangidan ko‘rish uchun birinchi instansiya sudlariga yuborish tartibi bekor qilindi hamda ularning zimmasiga ish bo‘yicha yakuniy qaror chiqarish mas’uliyati yuklatildi.

Ishni taftish instansiyasi sudida ko‘rishda ishtirok etgan sudya shu ishni birinchi instansiya, apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudida ko‘rishda, shuningdek ishni yuqori instansiya sudida taftish tartibida qayta ko‘rishda ishtirok eta olmaydi.

Kassatsiya instansiyasi sudining kassatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilishni rad etish, uni qaytarish, ko‘rmasdan qoldirish, ish yuritishni tugatish to‘g‘risidagi ajrimi ustidan, shuningdek kassatsiya instansiyasi sudining kodeksda ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) nazarda tutilgan boshqa ajrimlari ustidan taftish tartibida shikoyat berilishi mumkin.

Apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan ishlar bo‘yicha tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudlarining qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori, ajrimi, qarori, shuningdek apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudining qarori ustidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudiga, viloyatlar va Toshkent shahar sudlariga taftish tartibida shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari tomonidan taftish tartibida ko‘rilgan ishlar bo‘yicha sud hujjatlari, ushbu sudlarning taftish instansiyasining sud hujjatlari va ushbu sudlar tomonidan birinchi instansiya bo‘yicha qabul qilingan, apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan sud hujjatlari, shuningdek Oliy sud tomonidan birinchi instansiya bo‘yicha qabul qilingan, apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan sud hujjatlari ustidan Oliy sudning Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atiga taftish tartibida shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.

Oliy sudning Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan taftish tartibida ko‘rilgan ishlar bo‘yicha sud hujjatlari, shuningdek taftish tartibida qabul qilingan sud hujjatlari ustidan Oliy sud Rayosatiga taftish tartibida protest keltirishi mumkin.

Taftish tartibidagi shikoyat (protest) ishni taftish tartibida ko‘radigan Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari nomiga yo‘llanadi, biroq hal qiluv qarorini qabul qilgan sudga beriladi.

Hal qiluv qarorini qabul qilgan sud taftish tartibidagi shikoyat (protest) kelib tushgan kundan e’tiboran 5 kunlik muddatda uni ishni taftish tartibida ko‘radigan Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudiga, viloyatlar va Toshkent shahar sudlariga ish bilan birga yuborishi shart.

Taftish tartibidagi shikoyat (protest) birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori, ajrimi, qarori qonuniy kuchga kirgan kundan e’tiboran bir yil ichida beriladi.

Mavzuga oid