Xitoyning Yaqin Sharqdagi manfaatlari: Pekin nega Falastinni qo‘llayapti?
XXR G‘azodagi urush boshlanganidan buyon bir necha marta Isroilni o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi. Rasmiy Pekin uzoq yillardan beri Falastin davlati tuzilishini qo‘llab-quvvatlab keladi. Xo‘sh, bu qo‘llov zamirida qanday manfaatlar yotibdi? “Geosiyosat” dasturida siyosiy tahlilchilar Farhod Karimov va Xayrullo Umarov shu haqda so‘z yuritdi.
— Bugungi G‘azo inqirozida Xitoy pozitsiyasiga va harakatlariga qanday baho berish mumkin?
Xayrullo Umarov: — Boshqa qudratli davlatlar qatori Xitoy ham o‘z chiqishlari bilan e’tiborga tushdi. Urush boshlangan kunlarda Xitoy muammoni tinch yo‘l bilan hal qilish masalasini ilgari surdi. Xitoy BMT rezolyutsiyalariga ko‘ra, Isroil davlati bilan birgalikda Falastin davlati tuzilishiga ham alohida e’tibor qaratadi, bu borada taklif ham bergan. Xitoy asosan humanitar inqirozga alohida e’tibor beradi; qurbonlar soni allaqachon 25 mingga yetdi. Xitoy tomoni aytadiki, agar urush bo‘ladigan bo‘lsa, xalqaro huquq doirasida bo‘lishi, tinch aholi xavfsizligi ta’minlangan bo‘lishi kerak, deydi. Humanitar yordam yo‘laklarini ochishni ham ilgari suradi.
Bundan tashqari, Xitoy AQSh, YeI davlatlaridan masalani jiddiylashtirmaslikni, voqelikka nisbatan xolisona yondashishni so‘raydi, chunki axborot urushi ham ketyapti. Xitoy bu masalani BMT doirasida hal etish uchun Xavfsizlik kengashiga murojaat ham qildi, unga ko‘ra, masala tinch yo‘l bilan hal qilinib, Falastin va Isroil milliy suvereniteti e’tirof etilishi kerak.
Farhod Karimov: — Xitoyga Yaqin Sharqda tinchlik kerak. U bu mintaqada asosiy o‘yinchi emas, 3-tomon bo‘lib qatnashadi. Xitoy uchun Yaqin Sharqda asosan xomashyo omili turadi. Xitoyga 45 foiz neft importi aynan Yaqin Sharqdan bo‘ladi. Suyultirilgan gazni ham asosan shu mintaqadan oladi, bu esa Xitoy sanoati uchun kerakli.
Xitoy har doim 1967 yilgi chegaralanish bo‘yicha Falastin davlati bo‘lishini qo‘llab kelgan. Shu yo‘l bilan arab davlatlari bilan yaqinligini ham bildirib kelgan. BMT doirasida ham Isroil ko‘targan masalalarni qo‘llamagan. Shu yili iyun oyida FATH tashkiloti bilan strategik hamkorlik shartnomasini ham imzolagan, bu ham Xitoy pozitsiyasini ochib beradi.
Xitoy musulmon arab davlatlarini qo‘llayotganiga birinchi sabab – energiya resurs masalalari bo‘lsa, ikkinchi sabab – Xitoydagi musulmonlar. Ya’ni Fors ko‘rfazi arab davlatlari Xitoy ichidagi musulmonlarni qo‘llamasligi, moddiy kanallar yuzaga kelmasligi uchun harakat qiladi.
Yana bir omil, Xitoy Isroilga nisbatan munosabatlarni AQSh prizmasi bilan ko‘radi, shuning uchun Isroilni o‘ziga yaqin davlat sifatida ololmaydi, tabiiyki ikkinchi tomonga xayrixohlik bildiradi.
Bundan tashqari, Fors ko‘rfazi arab davlatlari Xitoy uchun asosiy bozor sifatida shakllanyapti, oxirgi 20 yil ichida Saudiyaning savdo aylanmasi AQSh va YeIdan ko‘ra Xitoy bilan ko‘proq oshgan. Bunday katta bozor shakllangan davlatlarga qarshi pozitsiya bildirish Xitoyga katta yo‘qotishlar olib keladi.
Bu mintaqa bozori Hindiston uchun ham muhim, shuning uchun raqobatda bo‘ladi ikki davlat. Shu nuqtayi nazardan Xitoy aniq pozitsiya bildiradi doim. Xitoy Falastin masalasida FATH bilan aloqalar yuritadi, HAMAS bilan aloqalari yo‘q.
— Xitoyning Yaqin Sharqdagi ikki hamkori – Eron va Saudiyaning G‘azo bo‘yicha pozitsiyasi farqli, shuningdek, Yevropa davlatlarida ham shunday. Bu Xitoy bilan hamkorlikda katta ahamiyatga ega emasmi?
Xayrullo Umarov: — Bugungi xalqaro munosabatlar tizimi yahudiy qadriyatlari asosida tashkil topgan. Xitoy buni e’tiborga oladi. Lekin musulmon olami bilan aloqalarda ham mushohadali siyosat olib boradi. Saudiya va Eron munosabatlari yaxshilanishi Xitoy diplomatiyasiga katta imkoniyatlar yaratadi. Buni AQSh va Isroil vakillari ham biladi va kelgusida Yaqin Sharqda Xitoy ham asosiy o‘yinchilardan biriga aylanishi mumkinmi, degan masalani o‘rtaga chiqarishadi.
Farhod Karimov: — Har qanday tashqi siyosat milliy manfaatlarga ko‘ra shakllanadi. Mintaqadagi asosiy kuchlar bo‘lmish Saudiya va Eron munosabatlari Fors ko‘rfazi va Yaqin Sharqdagi muhitni belgilab beradi. Xitoy esa ikkalasi bilan ham yaqin munosabatda. Xitoy uchun bu ikki davlat o‘rtasida ziddiyat bo‘lmasligi, mintaqada tinchlik bo‘lishi kerak.
2019 yilda husiychilar dron orqali Saudiya neft konlariga hujum qilganda dronlar Eronniki bo‘lib chiqqan va harbiy holat e’lon qilinib, urush bo‘lishiga bir baxya qolgandi. Shunda Xitoy diplomatiyasi buning oldini olgandi. O‘tgan yili Saudiya va Eron Xitoy vositachiligida diplomatik munosabatlarni tikladi.
Xitoy uchun bu yerda urush bo‘lmagani yaxshi. Agar bu yerda konflikt yuzaga kelsa, boshqa kuchlar mintaqaga yanada mustahkamroq o‘rnashib olishga harakat qiladi. Bu esa Xitoy manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydi. Shuning uchun ham Xitoyga barqaror va tinch Fors ko‘rfazi, umuman Yaqin Sharq mintaqasi kerak.
Xitoyga kommunistik partiya kelmaguncha yahudiylar bilan ham aloqalar yaxshi bo‘lgan. Yahudiy investorlar Shanhayda mehmonxonalar qurishgan. Kommunistlar esa yahudiylarni siqib chiqarib, ularning bizneslarini milliylashtiradi. Shundan beri Xitoy va Isroil munosabatlari faqat iqtisodiy, juda yomon emas, yillik 22 mlrd dollarlik savdo aylanmasi bor, juda katta summa bu.
Xitoy qat’iy ravishda Falastin davlati tashkil topishini qo‘llaydi. Saudiya va Eron pozitsiyalarini ham rad etmagan holda yondashadi, ikki hamkorini yo‘qotib qo‘yishni istamaydi.
— Qizil dengizdagi voqealar sabab Xitoydan eksport qilinuvchi mahsulotlarni tashish narxi ko‘tarilgan. Lekin Pekin Vashington boshchiligidagi Qizil dengiz koalitsiyasiga qo‘shilmadi. Nega? Axir Xitoy uchun doim iqtisod siyosatdan ustun bo‘lmaganmi?
Xayrullo Umarov: — Rostdan ham Xitoy uchun iqtisodiy manfaatlar doim ustun bo‘lgan. Ammo bugungi kunda Xitoy siyosiy masalalarga ham e’tibor qaratmoqda. Deylik, tashqi ishlar vaziri Van I ham YeIga borganda Falastin davlati tashkil etilishi masalasini ko‘taradi. Ammo YeIning pozitsiyasi ma’lum.
Xitoyda analitik markazlar ancha kuchaygan. Alohida yahudiyshunoslik markazlari ham ochilgan. Sovuq urush paytida AQSh SSSRni qanday o‘rgangan bo‘lsa, Xitoy ham shunday yo‘l tutyapti. Endi Xitoy o‘zining iqtisodiy richaglarini siyosiy richagga aylantirib ta’sir o‘tkazmoqda.
Farhod Karimov: — Baribir Xitoy uchun birinchi o‘rinda iqtisod turadi. Chunki Xitoy hozir shu darajada ko‘p mahsulot ishlab chiqaryaptiki, ularni tezroq sotib egasiga yetkazib bermasa, katta iqtisodiy, ijtimoiy muammolarga duchor bo‘ladi. 10 foiz Xitoy mahsulotlari Yevropaga Qizil dengiz orqali boradi. Bu juda katta miqdor.
O‘tgan suhbatda aytganimizdek, Xitoy Qizil dengiz bo‘yida harbiy baza ochgan, shuning uchun ham koalitsiyaga qo‘shilmadi, chunki o‘zining kuchi yetadi kemalarini himoya qilishga. Bundan tashqari, Qizil dengiz bo‘yidagi Saudiya, Misr kabi davlatlar bilan aloqalari yaxshi, harbiy kemalari harakatlanishiga to‘siq deyarli bo‘lmaydi.
Isroilga yuborilayotgan yuklarning xavfsizligi koalitsiya tuzilishidan asosiy maqsad ekani aytildi. Bu ham bir sabab, chunki Xitoy Falastinni qo‘llaydi. Bundan tashqari, agar koalitsiyaga qo‘shilsa, musulmon va arab davlatlari o‘rtasidagi obro‘si tushishi mumkin. Chunki G‘azodagi vaziyat butun islom sivilizatsiyasi bilan bog‘liq. Shunday bir holatda Xitoy bunday ish tutishi to‘g‘ri bo‘lmaydi, buni biladi u, shu sababli bu harbiy koalitsiyaga qo‘shilmadi. Va: “Biz Isroil kemalarini himoya qilmaymiz, bundan bosh tortamiz, G‘azodagi ishlarni qo‘llamaymiz”, degan bayonot berdi. Bu ishi tahsinga sazovor, Xitoy mintaqada asosiy o‘yinchi bo‘lmasa-da, uning pozitsiyasi muhim baribir.
Asosiysi shuki, Xitoy harbiylashtirishdan bosh tortdi. Koalitsiyadan 3 ta davlat chiqib ketdi, chunki bu koalitsiyadan maqsad husiychilardan himoya emasligini tushunib qolishdi. Bu yerda Qizil dengizni harbiy nazoratga olish masalasi turibdi. Ya’ni koalitsiyaning maqsadi kemalarni himoya qilish yoki husiychilarga qarshi turish emas. Shu tomondan Xitoyning bunga qo‘shilmagani yaxshi bo‘lgan.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
22:37 / 23.11.2024
Politico: Xitoy iqlim siyosati poygasida AQSh va YeIdan o‘zib ketdi
21:00 / 21.11.2024
AQSh–Xitoy ziddiyati va Tayvan omili: Trampdan nima kutish mumkin?
19:13 / 21.11.2024
Xitoyda 83 mlrd dollarlik oltin zaxirasi topildi
21:37 / 20.11.2024