Jahon | 09:07 / 27.12.2023
6517
3 daqiqa o‘qiladi

Zalujniy UQK Maryinkadan chekinganini ma’lum qildi

UQK bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy Ukraina armiyasining Maryinkadan olib chiqilishi va shahar tashqarisida mudofaa pozitsiyalari tayyorlanishi haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shahar aslida «endi mavjud emas».

Foto: Valentyn Ogirenko / Reuters

Ukraina Qurolli kuchlari (UQK) bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy Ukraina harbiylari Donetsk viloyatidagi Maryinka chekkasi va qisman shahar tashqarisiga olib chiqilishini ma’lum qildi. «Maryinka chekkasiga chekinganimiz va shahar tashqarisida pozitsiyalarni o‘rnatganimizda, menimcha, hech qanday rezonansli narsa yo‘q. Afsuski, urush shunday ketmoqda», dedi Zalujniy 26 dekabr, seshanba kungi brifingda («Gromadske»dan iqtibos).

Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Rossiya armiyasining Maryinkadagi taktikasini Baxmutdagi janglar bilan solishtirdi: «Biz o‘z yerimizning har bir qismini himoya qilamiz. Biroq dushman snaryadlari bu joyda toshlar bilan, tuproq bilan va jangchilarimiz bilan qorishib ketganida, askarlarimizning hayoti biz uchun muhimroqdir». Zalujniyning so‘zlariga ko‘ra, shiddatli janglardan so‘ng shahar shunday ahvolga kelib qolganki, u «endi mavjud emas». 

Zalujniy Avdiyivka haqida: «Imkon qadar himoya qilamiz»

Valeriy Zalujniy Avdiyivka uchun janglar haqida ham fikr bildirdi. Uning ta’kidlashicha, rus armiyasi «endi kuchlarni jamlash qobiliyatiga ega va Baxmut bilan qilgan ishni ikki yoki uch oy ichida yana qila oladi». «Biz qanchalik kuchimiz yetsa, shuncha himoya qilamiz. Ammo odamlarni qutqarish ma’qulroq ekanini tushunish kerak, keyin uni qaytarib olsa bo‘ladi», - deya ta’kidladi Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni.

Bir kun avval, 25 dekabr kuni Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu prezident Vladimir Putinga Rossiya Maryinka nazoratini o‘z qo‘liga olgani haqida hisobot bergan edi. Tavriya yo‘nalishidagi mudofaa kuchlarining birlashgan matbuot markazi vakili Aleksandr Shtupun telemarafonda javob berib, «Maryinka uchun jang davom etmoqda», dedi. «Hozir harbiylarimiz Maryinkaning ma’muriy chegaralari ichida. Shahar butunlay vayron bo‘lgan. Lekin Maryinka to‘liq qo‘lga olingani haqida gapirish noo‘rin», - dedi u.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid