Eronda portlashlar. 100 ga yaqin kishi halok bo‘lgan
Eron islom inqilobi muhofizlari korpusi generali Qosim Sulaymoniyning o‘limiga uch yil to‘lgan kunda u dafn etilgan qabriston hududida motam marosimi o‘tkazilayotganida portlashlar ro‘y berdi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 90 dan ortiq kishi halok bo‘lib, 200 dan ortiq kishi jarohatlangan.
Eronning Kirmon shahrida Eron islom inqilobi muhofizlari korpusi generali Qosim Sulaymoniy dafn etilgan qabriston yaqinida ikkita portlash ro‘y berdi.
IRNA davlat agentligi xabariga ko‘ra, bu vaqtda general Sulaymoniyning o‘limiga to‘rt yil to‘lgani munosabati bilan uning qabri tomon motam marshi yo‘l olgandi.
Iran International tomonidan keltirilgan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, portlash oqibatida halok bo‘lganlar soni 95 kishini tashkil etmoqda, yana 200 dan ortiq kishi tan jarohatlari olgan.
Birinchi portlash qabrdan 700 metr masofada, ikkinchisi — taxminan bir kilometr masofada ro‘y bergan.
Tasnim agentligi o‘z manbasiga tayanib xabar berishicha, bombalar qabristonga kirish joyiga o‘rnatilgan bo‘lgan. Portlovchi qurilmalar ikkita sumkaga joylashtirilgan va masofadan turib harakatga keltirilgan. Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, portlashlar orasida bir necha daqiqa o‘tgan.
Marosim vaqtida hududda shifokorlar va tez yordam mashinalari navbatchilikda turgan, ular yaradorlarga birinchi tez yordam ko‘rsatishgan.
Shahar rahbarining xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha o‘rinbosari portlashlarni terakt deb baholagan. Eron Bosh prokuraturasi terakt bo‘yicha tergov boshladi.
Qosim Sulaymoniy kim edi?
Eron tashqi siyosatining bosh mafkurachisi bo‘lgan Qosim Sulaymoniy 2020 yil 3 yanvar kuni Iroq poytaxti Bag‘dod shahridagi xalqaro aeroport hududida o‘ldirilgandi, o‘shanda u ham bo‘lgan avtomobillar karvoniga amerikalik harbiylar tomonidan aviazarba yo‘llangandi. O‘shanda u bilan birga Iroq Xalq safarbarlik kuchlari qo‘mondoni o‘rinbosari Abu Mahdi al-Muhandis ham halok bo‘lgan.
AQShning o‘sha vaqtdagi prezidenti Donald Tramp o‘sha kuniyoq bu amerikaliklarning maxsus amaliyoti bo‘lganini tan olgandi. Tramp Sulaymoniy Eronda ko‘p sonli namoyishchilarning o‘ldirilishiga aloqadorligi, shuningdek ko‘p yillar mobaynida «minglab amerikaliklarni o‘ldirgani yoki yaralagani» va «yana ko‘proq amerikaliklarni o‘ldirishni rejalashtirgani»ni aytgandi. U Eronda Sulaymoniydan «nafratlanishlari va qo‘rqishlari»ni ta’kidlagan, shu bilan birga, eronliklar buni hech qachon tan olmasliklarini qo‘shimcha qilgandi. «Uni ancha yillar oldinroq yo‘q qilish kerak edi», — deya xulosa qilgandi Tramp.
General-mayor Qosim Sulaymoniy Erondagi eng nufuzli shaxslardan sanalgan va Islom inqilobi muhofizlari korpusining mamlakatdan tashqarida amaliyotlar o‘tkazish bilan shug‘ullangan elita bo‘linmasi «Al-Quds»ga rahbarlik qilgan, Eronning Yaqin Sharqqa ta’sirini yoyishda muhim rol o‘ynagan va Tehronning ushbu mintaqadagi asosiy raqiblari bo‘lgan, AQSh, Saudiya Arabistoni va Isroil uni tiyishga urinib kelgan.
Generalni Eron harbiy harakatlari ortida turgan strateg deb hisoblashgan. U Erondan tashqari Suriya, Livan, Iroq va Yamanda ham katta obro‘ qozongan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, aynan u Rossiya prezidenti Vladimir Putinni 2015 yilda Suriyadagi mojaroga aralashishga ko‘ndirgandi.
Mavzuga oid
10:05
YeI Rossiya uchun ballistika tufayli Eronga qarshi sanksiyalar tayyorladi
20:37 / 15.11.2024
Isroil Erondagi maxfiy yadro laboratoriyasini yo‘q qildi - OAV
00:51 / 15.11.2024
Pizishkiyon: Eron yadro qurolini yaratmaydi
23:26 / 06.11.2024