Jahon | 10:27 / 04.01.2024
6655
3 daqiqa o‘qiladi

Ukrainada Vengriyaga qochishga uringan 12 erkak qo‘lga olindi

Rossiya harbiy harakatlari boshlanganidan beri Ukrainada 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan erkaklarning mamlakatni tark etishi taqiqlangan harbiy holat joriy qilingan.

Foto: Ukraina davlat chegara xizmati

Ukrainada Vengriya bilan chegara yaqinida chegarani noqonuniy kesib o‘tmoqchi bo‘lgan 12 nafar erkak qo‘lga olindi, deb xabar qildi mamlakat davlat chegara xizmati 3 yanvar, chorshanba kuni.

Chegarani kesib o‘tmoqchi bo‘lgan erkaklar chegarachilarni payqab, qochishga uringan. Ular, o‘z navbatida, ogohlantiruvchi o‘q uzdi. Bundan tashqari, chegarani kesib o‘tishda yordam bergan vositachining shaxsi aniqlandi. Erkaklar unga har biri 12 ming grivnadan (290 yevro) to‘lagan, deyiladi departament bayonotida.

Qo‘lga olinganlarga nisbatan chegarani noqonuniy kesib o‘tish, chegarachilar buyrug‘iga bo‘ysunmaslik moddalari bilan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnomalar tuzildi. Ularning ishi sudga yuborilgan. Chegara xizmati, shuningdek, Moldova bilan chegarani noqonuniy kesib o‘tishga uringan ikki ukrainalik qo‘lga olingani haqida xabar berdi.

Ukrainada safarbarlik kuchaytirilishi mumkin

Rossiya harbiy harakatlari boshidan beri Ukrainada amalda bo‘lgan harbiy holat 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan erkaklar uchun chet elga chiqishni taqiqlashni nazarda tutadi. Mamlakat rasmiylari bir necha bor ta’kidlaganidek, Ukraina qurolli kuchlarida kadrlar yetishmovchiligi bor va 2024 yilda rasmiylar ikki yildan beri jang qilganlar o‘rniga yangi harbiy xizmatchilarni safarbar etish va yo‘qotishlarni qoplash niyatida.

2023 yil dekabr oyi oxirida Oliy radada mamlakatda safarbarlikni kuchaytirish to‘g‘risidagi hukumat qonuni ro‘yxatga olingan edi. Hukumat safarbarlik uchun chaqiruv yoshini 27 yoshdan 25 yoshga pasaytirishni taklif qilmoqda. Bundan tashqari, fuqarolarni ikki toifaga bo‘lish taklif etilgan - harbiy xizmatga «loyiq» va «loyiq bo‘lmagan», bunda oraliq - «cheklangan holda loyiq» toifasi chiqarib tashlanadi. 

Chaqiruv qog‘ozlarini topshirish tartibini sezilarli darajada soddalashtirish taklif etildi. Qonun loyihasiga ko‘ra, u shaxsan, elektron kabinet yoki elektron pochta orqali yetkazilishi mumkin. Harbiy xizmatdan bo‘yin tovlaganlar uchun bir qator cheklovlar o‘rnatish taklif qilinmoqda. Ularga xorijga chiqish, ko‘chmas mulk bilan operatsiyalar, avtomobil boshqarish hamda kredit olish taqiqlanishi mumkin. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid