Jahon | 09:56 / 04.01.2024
4767
3 daqiqa o‘qiladi

Yevroittifoq Erondagi teraktni qoraladi

Yevropa Ittifoqi Eronda yuzga yaqin odamning hayotiga zomin bo‘lgan teraktni qoralab, aybdorlarni javobgarlikka tortishga chaqirdi.

Foto: AP / Mahdi Karbakhsh Ravari

Yevropa Ittifoqi Eronda 100 ga yaqin odamning hayotiga zomin bo‘lgan portlashni qoralab, voqeani terrorchilik harakati deb atadi. Bu haqda Yevropa tashqi aloqalar xizmatining 3 yanvar, chorshanba kuni chop etilgan bayonotida aytiladi

«Yevropa Ittifoqi Eronning Kirmon shahridagi bugungi bombali hujumni keskin qoralaydi. Bu terakt oqibatida tinch aholi vakillari orasida halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar qayd etildi. Aybdorlar javobgarlikka tortilishi kerak», - deya ma’lum qildi Yevropa Ittifoqi. 

Terakt Germaniya tashqi ishlar vazirligi tomonidan ham qoralangan. «Kirmondagi bugungi portlashlarda qurbonlarning ko‘pligi, jumladan, bolalar halok bo‘lganidan chuqur qayg‘udamiz. Biz bu teraktni qoralaymiz. Eron xalqi tinchlik va xavfsiz kelajakka loyiqdir», — deyiladi tashqi ishlar vazirligi bayonotida. 

Erondagi teraktda 100 ga yaqin kishi halok bo‘ldi 

3 yanvar kuni tushdan keyin Eronning Kirmon shahridagi qabristonda 2020 yilda o‘ldirilgan general Qosim Sulaymoniy xotirasiga bag‘ishlangan marosim chog‘ida ikkita portlash sodir bo‘ldi. Oqibatda 95 kishi halok bo‘ldi, 200 dan ortiq kishi jarohatlandi. Eron rasmiylari voqeani terakt deb atadi, biroq unga kimlar aloqador ekanini aniqlashtirmadi. Mahalliy OAV xabarlariga ko‘ra, portlovchi qurilmalar qoplarga solingan va masofadan turib faollashtirilgan. 

Eronlik general Qosim Sulaymoniy 2020 yilning yanvar oyida Iroqda AQShning uchuvchisiz uchoqlari hujumi natijasida halok bo‘lgan edi. Sulaymoniy Erondan tashqarida operatsiyalar o‘tkazish uchun mas’ul bo‘lgan Islom inqilobi muhofizlari korpusining nufuzli «Al- Quds» kuchlariga qo‘mondonlik qilgan. U Yaqin Sharqda eng nufuzli eronlik generallardan biri sifatida ko‘rilgan. Qo‘shma Shtatlar uni mintaqadagi amerikalik diplomatlar va harbiy xizmatchilarga hujum qilish rejalarini ishlab chiqishda aybladi. 

Davlat departamenti matbuot kotibi Metyu Miller ta’kidlashicha, Qo‘shma Shtatlarning Erondagi portlashlarga hech qanday aloqasi yo‘q va Amerika rasmiylarida Isroil bunga aloqador bo‘lishi mumkinligiga ishonish uchun asos yo‘q. OAV xabarlariga ko‘ra, portlashlardan so‘ng qabriston yaqinida olomon to‘planib, «AQShga o‘lim» va «Isroilga o‘lim» deb hayqirgan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid