Jahon | 14:23 / 06.01.2024
11717
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Shimoliy Koreya raketalaridan o‘qqa tutilganini tasdiqlay olmayapti

Mutaxassislar portlagan raketa parchalarini tekshirmoqda va bu o‘q-dorilar ishlab chiqaruvchisini aniqlash uchun ularning xulosalarini kutish kerak, dedi UQK Havo kuchlari vakili Yuriy Ignat.

Foto: Picture Alliance

Ukraina hozircha Shimoliy Koreyada ishlab chiqarilgan raketalar o‘z hududiga uchirilganini tasdiqlay olmaydi, dedi UQK Havo kuchlari vakili Yuriy Ignat 5 yanvar, juma kuni milliy telemarafonda. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda «ayrim mutaxassislar» raketa parchalarini o‘rganmoqda va ularning xulosalarini kutish kerak. «Shundan keyin bunday fakt bor yoki yo‘qligini aytish mumkin bo‘ladi. Biz nima ishlatilgani – S-400 yoki «Iskander» haqidagi ma’lumotni bir necha kun kutishimiz kerak», — deya Ignat so‘zlarini keltirdi «Ukrayinskі Novini» nashri.

«Mutlaqo yangicha narsalarni kutish kerak emas» 

UQK HK spikeri Ukrainaga so‘nggi hujumlar ballistik raketalar bilan amalga oshirilganini tan oldi, ammo «qaysi ballistika, kimning raketasi - buni aniqlash kerak», dedi. Jurnalistning Ukraina havo mudofaasi uchun Eron yoki Shimoliy Koreya raketalarini urib tushirish qiyinroq bo‘ladimi, degan savoliga Ignat shunday javob berdi: «Bunday raketalardan tubdan yangi narsa kutish kerak emas, chunki Rossiya va bu davlatlar o‘rtasidagi harbiy-sanoat hamkorligi hammaga ma’lum. Shimoliy Koreyaga SSSR davridayoq ko‘plab texnologiyalar o‘tkazilgan. Ular qandaydir jihatdan o‘sha «Iskander»dan farq qilishi mumkin, lekin farq uncha jiddiy bo‘lmaydi», - deya xulosa qildi Ignat. 

KXDR raketalari yordamida berilgan zarbalar haqida AQSh bayonoti

AQSh Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi 4 yanvar kuni Rossiya Ukrainaga hujum qilish uchun KXDR raketalaridan foydalanayotganini ma’lum qildi. Shimoliy Koreyaning kamida bitta raketasi 30 dekabr kuni Rossiya tomonidan uchirilgan bo‘lishi mumkin, yana bir nechta shunday raketalar 2 yanvar kuni Rossiya kuchlari tomonidan Ukraina hududiga otilgan, dedi Kirbi.

Mavzuga oid