Berbok Isroilni G‘azodagi operatsiya ko‘lamini kamaytirishga chaqirdi
Isroil armiyasi G‘azodagi tinch aholini himoya etish uchun «ko‘proq harakat qilishi» kerak, dedi Annalena Berbok. Shu bilan birga, Germaniya Isroilning o‘zini himoya qilish huquqini qo‘llab-quvvatlaydi, dedi u.
Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Isroilni G‘azo sektoridagi harbiy amaliyotlar ko‘lamini kamaytirishga chaqirdi. Berbok 7 yanvar, yakshanba kuni Isroil tashqi ishlar vaziri Israel Kats va prezident Itsxak Gersog bilan Quddusda bo‘lib o‘tgan muzokaradan so‘ng: «ko‘plab begunoh odamlarning azoblari shu tarzda davom eta olmaydi, harbiy amaliyot kamroq ko‘lamda o‘tkazilishi kerak», dedi.
Berbokning aytishicha, Isroil armiyasi G‘azodagi tinch aholini himoya etish uchun «ko‘proq harakat qilishi» kerak. «U juda ko‘p falastinliklarga zarar yetkazmasdan, HAMASga qarshi kurashish yo‘llarini topishi kerak», dedi nemis vaziri. Annalena Berbok bir necha Isroil vazirlari tomonidan ilgari surilgan G‘azo sektoridan falastinliklarni ko‘chirish tashabbusi bo‘yicha ogohlantirdi. G‘azo «shubhasiz» falastinliklarga tegishli, dedi Berbok.
Berbok: Germaniya Isroilning o‘zini himoya qilish huquqini qo‘llab-quvvatlaydi
Shu bilan birga, Germaniya tashqi ishlar vazirligi rahbari Isroil hukumatini xalqaro gumanitar huquq doirasida Isroilning o‘zini himoya qilish qonuniy huquqini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. «Mamlakatingiz Isroilni yer yuzidan yo‘q qilmoqchi bo‘lgan terrorga qarshi kurashda bizning birdamligimizga ishonishi mumkin», - deya ta’kidladi Berbok. U HAMAS guruhini Isroilga hujumlarni to‘xtatishga va barcha garovga olinganlarni ozod qilishga chaqirdi. «Agar HAMAS fanatik tarzda bu bema’ni kurashni davom ettirmaganida edi, urush allaqachon tugagan bo‘lardi», deydi vazir.
8 yanvar, dushanba kuni Annalena Berbok Iordan daryosining G‘arbiy sohiliga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda. Tashrif doirasida Germaniya tashqi ishlar vaziri isroillik ko‘chmanchilar zo‘ravonligidan jabr ko‘rgan falastinliklar bilan uchrashadi. U «7 oktyabrdan beri keskin kuchaygan» hujumlarni qoraladi va Isroil hukumatini falastinliklarni himoya qilishga chaqirdi.
Isroil-Falastin mojarosi
7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.
HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.
Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.
Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 22 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.
Mavzuga oid
09:17 / 24.11.2024
Isroil Bayrutga zarba berdi. Kamida 20 kishi halok bo‘lgan
10:30 / 23.11.2024
Xalqaro sud qarori: Netanyahu va Gallant hibsga olinsa nima bo‘ladi?
22:51 / 22.11.2024
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
14:54 / 22.11.2024