Jahon | 09:40 / 15.01.2024
7110
3 daqiqa o‘qiladi

Oxfam xayriya tashkiloti boylar uchun yangi soliq joriy etishga chaqirdi

Oxfam hisob-kitoblariga ko‘ra, 2020 yildan buyon dunyoning eng badavlat besh kishisi o‘z boyligini ikki baravar oshirgan, dunyodagi eng kambag‘al 5 milliard kishi esa inflatsiya tufayli 20 milliard dollar yo‘qotgan.

Foto: iStock

Oxfam xayriya tashkilotlari birlashmasi o‘zining yillik hisobotida dunyoda ijtimoiy tengsizlik muammosi kuchayib borayotgan bir paytda, 5 million dollardan ortiq aktivlarga qo‘shimcha soliq solishga chaqirdi. Bu haqda 15 yanvar, dushanba kuni chop etilgan Oxfam hisobotida aytiladi. 

«Milliardlab odamlar pandemiya, inflatsiya va urushning zarba to‘lqinlariga dosh berar ekan, milliarderlarning boyligi yanada ko‘paymoqda», dedi Oxfam Germany ijrochi raisi Serap Altinisik Inequality Inc. (Tengsizlik) hisobotini e’lon qilar ekan. 

Oxfam ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoning eng badavlat besh kishisi 2020 yildan beri o‘z boyligini ikki baravar ko‘paytirdi, ya’ni 405 milliard dollardan 869 milliard dollargacha. Oxfam hisob-kitoblariga ko‘ra, 2020 yildan beri dunyodagi barcha milliarderlar jami 3,3 trillion dollarga boyigan. Bu ularning boyligi inflatsiya darajasidan uch baravar yuqori sur’atda o‘sganini anglatadi, deya ta’kidlaydi hisobot mualliflari. Shu bilan birga, xuddi shu davrda dunyodagi eng kambag‘al 5 milliard kishi inflatsiya tufayli 20 milliard dollar yo‘qotdi.

Boylarga soliq solish taklifi

«Bizga katta boylik uchun soliq kerak, shunda o‘ta boylar ham umumiy manfaatga o‘z hissasini qo‘shadi», dedi Altinisik. Xususan, Oxfarm qiymati 5 million dollardan ortiq bo‘lgan aktivlar uchun ikki foiz, 50 million dollardan ortiq aktivlar uchun uch foiz va 1 milliard dollardan ortiq aktivlar uchun besh foiz soliq undirishni taklif qildi. Yig‘ilgan mablag‘larni iqlimni muhofaza qilish, ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta’minotga yo‘naltirish taklif etilgan. 

Germaniyada, Oxfam hisob-kitoblariga ko‘ra, shunga o‘xshash soliq yiliga 93,6 milliard dollarni tashkil qilishi mumkin. Germaniyada 200 mingga yaqin odam bunday soliqlarni to‘lashga majbur bo‘ladi. 

Mavzuga oid