Jahon | 07:30 / 16.01.2024
11083
4 daqiqa o‘qiladi

Eron AQShning Iroqdagi konsulligi yaqinidagi obyektlarga hujum qildi

Eron Iroq va Suriyadagi «josuslik markazlariga» zarba berganini ma’lum qildi. Iroq Kurdistonidagi AQSh konsulligi yaqinida bir necha portlash yuz berdi, amerikaliklar jabrlanmagan. 

Foto: Videodan kadr

Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) Iroq va Suriyadagi «josuslik markazlari» va «Eronga qarshi terrorchilik guruhlari joylashgan joylar»ga zarbalar berdi. Bu haqda 16 yanvar, seshanbaga o‘tar kechasi Eron davlat matbuoti xabar berdi. Xususan, ta’kidlanishicha, ballistik raketalar yordamida Iroq Kurdistoni avtonom mintaqasidagi «Mossad (Isroil razvedka xizmati) josuslarining shtab-kvartirasi»ga zarba berilgan. 

Shu bilan birga, Iroq Kurdistoni poytaxti Erbil shahridan 40 km shimoli-sharqda joylashgan AQSh konsulligi yaqinida bir necha portlash sodir bo‘ldi, deb xabar bermoqda Reuters. Muxtoriyat ma’muriyatining ma’lum qilishicha, natijada to‘rt nafar mahalliy aholi halok bo‘lgan, olti kishi jarohatlangan. Reuters xabariga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida kurd millioner tadbirkori Peshrav Dizoiy va uning bir necha oila a’zolari ham bor. Bundan tashqari, bitta raketa kurd razvedkasining yuqori martabali zobiti uyiga, yana biri kurd razvedka xizmatlari markaziga tushgan. AQSh rasmiylariga ko‘ra, Eron zarbasi oqibatida amerikalik fuqarolardan hech kim jabrlanmagan.

Erbildagi aeroport ishlamay qoldi. G‘arb koalitsiya kuchlari uning ustida uchta dronni urib tushirdi, deb xabar bermoqda ABC News. 

Suriyada IIMK, Eron OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Idlib viloyatidagi IShID terrorchilik guruhining nishonlariga hujum qilgan. 

«Isroilga aniq signal» 

Eron zarbalar «terrorchilarning yaqinda sodir etilgan vahshiyliklariga javoban» amalga oshirilganini ma’lum qildi. 3 yanvar kuni Eron janubi-sharqidagi Kirmon shahri qabristonida portlashlar sodir bo‘ldi, u yerda 2020 yilda o‘ldirilgan IIMK generali Qosim Sulaymoniy xotirasiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tayotgandi. 90 dan ortiq odam halok bo‘ldi. Hujum uchun mas’uliyatni IShID o‘z zimmasiga oldi, biroq Tehron Isroil va AQShni portlashlarga aloqadorlikda aybladi. 

Dpa agentligining qayd etishicha, Eron shu paytgacha hech qachon o‘z raketalari bilan bunday uzoq masofaga zarba bermagan – ular 1200 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘ta olgan. Agentlik bayonotida aytilishicha, bu Tehron hududga zarba berish uchun texnik imkoniyatga ega ekanligi haqida «Isroilga aniq signaldir». 

Eron Isroil hozirda G‘azo sektorida jang olib borayotgan HAMAS harakatining asosiy qo‘llab-quvvatlovchisi sanaladi va bu mojaroga bevosita aralashish bilan tahdid qilgan. Hozir Qizil dengizda tinch aholi kemalariga hujum qilayotgan yamanlik husiychilar ham Eronning «ishonchli vakillari» sanaladi. 

Mavzuga oid