O‘zbekiston | 11:53 / 17.01.2024
23120
2 daqiqa o‘qiladi

Qahramon Quronboyev prezident administratsiyasidan ketdi

U endi O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi bo‘ldi.

Foto: uza.uz

O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi lavozimiga Qahramon Quronboyev saylandi va shu munosabat bilan O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi Yoshlar siyosati departamentining rahbari lavozimidan ozod etildi.

O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga Jovdatxon Inog‘omov saylandi.

Bunga qadar u O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Toshkent shahar filiali rahbari lavozimida ishlagan.

O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisining o‘rinbosari lavozimiga Abdullo Aslonov saylandi.

U bundan avval O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisining yoshlar va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, “Yoshlar qanoti” jamoatchilik kengashi raisi lavozimida faoliyat yuritgan.

Uyushma raisi maqomi, tibbiy, transport va maishiy ta’minot sharoitlari bo‘yicha bosh vazir o‘rinbosariga tenglashtiriladi.

Ma’lumot uchun, Qahramon Quronboyev 1992 yilda Toshkent davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti)ni, 2004 yilda O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan.

U 1997-2008 yillarda «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan, 2009-2012 yillarda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha prorektori bo‘lgan. 2012-2013 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori, 2013-2015 yillarda Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi rahbari lavozimlarida ishlagan.

Shuningdek, Qahramon Quronboyev O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston prezidentining tashkiliy masalalar va kadrlar bo‘yicha davlat maslahatchisi o‘rinbosari ham bo‘lgan.

Mavzuga oid