O‘zbekiston | 13:58 / 24.01.2024
2283
2 daqiqa o‘qiladi

Hindistonda o‘zbek mahsulotlarini tarqatish omborxonalari ochiladi

Dehlidagi elchixona tomonidan O‘zbekiston meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlovchi va eksport qiluvchilar uyushmasi, Hindiston-Markaziy Osiyo jamg‘armasi va Right Advisors Pvt. Ltd. kompaniyasi vakillari o‘rtasida onlayn shakldagi muzokaralar tashkil etildi.

Foto: «Dunyo» AA

«Dunyo» xabariga ko‘ra, tadbirda O‘zbekiston meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlovchi va eksport qiluvchilar uyushmasi raisi Sardor Abbosxonov Hindiston bozoriga o‘zbek zaminida yetishtirilgan sarxil meva-sabzavotlar va ulardan tayyorlangan tayyor mahsulotlarni yetishtirib berish hajmlarini oshirish istiqbollariga e’tibor qaratdi, bu boradagi amaliy takliflarni ilgari surdi.

Right Advisors Pvt. Ltd. kompaniyasi boshqaruvchi direktori Himanshu Bansal va Hindiston-Markaziy Osiyo jamg‘armasi direktorining o‘rinbosari Kapil Mohan Kumar O‘zbekistonda yetishtirilgan va tayyorlangan mahsulotlar yuqori sifati va ekologik tozaligi bilan ajralib turishini ta’kidladi. Hindiston bozorida ularni targ‘ib qilish va ilgari surish, jumladan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini zamonaviy talablar darajasida qadoqlash, saqlash va yetkazib berish yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.

Tomonlar O‘zbekistondan Hindistonga tovarlar eksport qilishda transport-logistika va tarif masalalari yuzasidan o‘zaro fikr almashdi, ushbu mamlakatning turli shaharlarida o‘zbek mahsulotlarini saqlash va tarqatish uchun omborxonalar tashkil etish imkoniyatlarini muhokama qildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid