Jahon | 10:10 / 25.01.2024
3510
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Guandun kompaniyalari uchun yuqori texnologik parklar tashkil etiladi

O‘zbekiston prezidenti Guandun muzofoti bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun keng imkoniyatlarni qayd etdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25 yanvar kuni Shenchjen shahrida Guandun muzofoti partiya qo‘mitasi kotibi Xuan Kunmin bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Guandun – Xitoyning eng rivojlangan hududlaridan bo‘lib, mamlakat yalpi ichki mahsulotining qariyb 10 foizini shakllantiradi va bu ko‘rsatkich bo‘yicha yetakchilik qiladi. Muzofot O‘zbekiston hududlarining eng yirik iqtisodiy sherigidir.

Uchrashuvda muzofot bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni, eng avvalo, yuqori texnologik tarmoqlarda kengaytirishning amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi.

Kuni kecha XXR raisi Si Tszinpin bilan sermahsul muzokaralar o‘tkazilgani, ular doirasida hududlararo aloqalarni yanada kengaytirish masalasi qo‘llab-quvvatlangani qayd etildi.

Sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, shu jumladan Guandunning yetakchi kompaniyalari uchun mamlakat hududlarida ixtisoslashtirilgan yuqori texnologik parklar tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Kecha bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvda tashkil etilishi kelishib olingan O‘zbekiston va Xitoy hududlari kengashi faoliyatida Guandun muhim o‘rni tutishi ta’kidlandi.

O‘zbekiston muzofot hududida joylashgan Huawei, BYD, ZTE va boshqa ilg‘or kompaniyalar bilan hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdorligi qayd etildi.

Gumanitar aloqalar va ishbilarmonlik almashinuvlarini faollashtirish maqsadida IT ta’lim sohasida hamkorlik qilish va to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid