O‘zbekistonda hafta davomida qanday ob-havo kutilayotgani ma’lum qilindi
Yomg‘ir va qor yog‘adi, ayrim joylarda harorat –15 darajagacha pasayishi mumkin.
«O‘zgidromet» hafta davomida kuzatiladigan ob-havo haqida ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, 29 yanvar kuni O‘zbekiston hududi nam va nisbatan sovuq havo massalari ta’siri ostida bo‘ladi, respublika bo‘yicha asosan yomg‘ir ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik kuzatiladi, tog‘oldi va tog‘li hududlarda yog‘ingarchilik kuchli bo‘lishi mumkin. Ba’zi joylarda shamol tezligi 17–22 metr/sekundgacha kuchayadi, ayrim joylarda esa 25–28 metr/sekundgacha kuchayishi mumkin. Kunduzgi havo harorati oldingi kunga nisbatan pasayadi va +2...+7 darajadan yuqori bo‘lmaydi, respublika shimolida –3...–5 daraja bo‘ladi.
30 yanvar kuni respublika hududining katta qismida yog‘ingarchilik jadalligi va ehtimoli kamayadi. Ko‘pchilik viloyatlarning ba’zi joylarida qor ko‘rinishidagi biroz yog‘ingarchilik, sharqiy hududlarda esa (Toshkent, Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlarida) asosan yomg‘ir ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik bo‘lishi mumkin. Faqat respublikaning janubida shamol tezligi 15–20 metr/sekundgacha kuchayishi kutilmoqda. Havo harorati kechasi 0...–5 daraja, kunduzi +2...+7 darajani, shimolda kechasi –8...–13 darajani, kunduzi 0...–5 darajani tashkil etadi.
31 yanvar—1 fevral kunlarida respublika hududining katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat Toshkent viloyatining ayrim joylarida va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida bir oz yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘lishi mumkin. Havo harorati kechalari 0...–5 daraja, kunduz kunlari 0...+5 daraja, shimolda kechalari –10...–15 daraja, kunduz kunlari –3...+2 daraja bo‘ladi.
Ushbu ish haftasi davomida respublika bo‘yicha ba’zi joylarda tuman kuzatiladi.
29 yanvardan 31 yanvargacha Toshkent va Namangan viloyatlarining tog‘li hududlarida qor ko‘chishi xavfi bor.
Toshkentda 29 yanvar kuni vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi. Shamol g‘arbdan 5–10 metr/sekund tezlikda esadi. Havo harorati kunduzi +5...+7 darajani tashkil etadi. Seshanba va chorshanba kunlari biroz yog‘ingarchilik (yomg‘ir yog‘adi, qorga aylanadi) bo‘lishi mumkin. Kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. G‘arbiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, sharqdan 5–10 metr/sekund tezlikda esadi.
Havo harorati 30 yanvarda kechasi +1...+3 daraja, kunduzi +4...+6 daraja, 31 yanvarda kechasi 0...–2 daraja, kunduzi +3...+5 daraja bo‘ladi.
1 fevralda asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. Shamol sharqdan 3–8 metr/sekund tezlikda esadi. Havo harorati kechasi –1...–3 darajani, kunduzi +3...+5 darajani tashkil etadi.