Rossiya internetida qisqa muddatli ommaviy uzilish sodir bo‘ldi
Ixtisoslashgan kanallar «global DNSSEC infratuzilmasi» bilan bog‘liq muammo yuzaga kelganini qayd qilishdi.
Rossiya internet tarmog‘ida qisqa muddatli ommaviy uzilish sodir bo‘ldi. Foydalanuvchilar bir qator operatorlarning interneti tarmog‘idagi nosozliklar, shuningdek, ba’zi xizmatlar va saytlarga kirish bilan bog‘liq muammolar haqida shikoyat qildilar. Uzilish taxminan 1 soat davom etdi.
Kirishda muammo yuzaga kelgan resurslar orasida foydalanuvchilar «Yandeks», «VKontakte» va Ozon, shuningdek, yirik banklar va marketpleyslar, ommaviy axborot vositalari veb-saytlarini sanab o‘tishdi.
Ixtisoslashgan «Kod Durova» telegram-kanali RU domen zonasida keng ko‘lamli nosozlik yuz berganini yozdi. «Mahalliy domen zonasida domen nomlarini rezolv qilish bilan bog‘liq muammolar mavjud — qo‘pol aytganda, DNSSEC ishdan chiqdi. Shu sababli hozir Runetda yuzlab xizmatlar va saytlar ishlamay qoldi», deyiladi xabarda.
Network Freedoms Rossiya rasmiylari «mamlakatdagi barcha foydalanuvchilarni milliy DNS-serverga ko‘chirishga harakat qilishi haqida uzoq vaqtdan beri ogohlantirib kelganini» esladi va bu hozir sodir bo‘lyapti, deb xulosa qildi.
Milliy domenlarni boshqaruvchi .RU/.RF domenlarini muvofiqlashtirish markazi «global DNSSEC infratuzilmasi» bilan bog‘liq muammo mavjudligini tasdiqladi.
Rossiya Raqamli rivojlanish vazirligi, shuningdek, .RU zonasida «DNSSEC global infratuzilmasi bilan bog‘liq» texnik muammo yuzaga kelganini tasdiqladi va «yaqin orada .RU zonasidagi saytlarga kirish qayta tiklanishini» ma’lum qildi.
Taxminan 1 soat davom etgan uzilishdan keyin internet tarmog‘i faoliyati tiklandi.
Mavzuga oid
23:08 / 31.10.2024
«Boshqa davlatlar ham Pxenyan kabi o‘z qo‘shinlarini Rossiyaga yuborishi mumkin» - ekspert
11:10 / 31.10.2024
AQSh Rossiya mudofaa vazirining besh o‘rinbosariga qarshi sanksiyalar kiritdi
10:30 / 31.10.2024
Borrel: YeI RFdagi siyosiy qatag‘on qurbonlarini unutmaydi
22:23 / 30.10.2024