Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukraina razvedkasi «Ivanovets» kateri cho‘ktirilganini ma’lum qildi. Bu nimasi bilan muhim?
Kemaga katerlar yordamida hujum uyushtirilgan.
Ukraina mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi 1 fevralga o‘tar kechasi mamlakat qurolli kuchlari Rossiya Qora dengiz flotining «Ivanovets» raketa kateriga zarba berilganini ma’lum qildi. Rossiya bu ma’lumotni rasman tasdiqlamagan, ammo rossiyalik harbiy blogerlar kema cho‘kib ketganini yozishmoqda.
Bosh razvedka boshqarmasining telegram-kanalida e’lon qilingan press-relizda aytilishicha, kater Qora dengizda, anneksiya qilingan Qrim sohillari yaqinidagi Donuzlav ko‘li hududida patrullik qilib kelgan.
«Rossiya kemasi korpusga berilgan ketma-ket zarbalardan keyin suzishni davom ettira olmaydigan darajada shikastlandi — „Ivanovets“ quyruq qismiga og‘di va cho‘kib ketdi», — deyilgan bayonotda.
Amaliyot Ukraina Raqamli transformatsiya vazirligi va United24 kraudfanding platformasi ko‘magida Group 13 nomli maxsus razvedka qismi tomonidan amalga oshirilgani aytilgan.
Rossiya mudofaa vazirligi hozircha bu bayonot yuzasidan izoh bermagan.
Ammo rossiyalik harbiy blogerlar ham Ukraina razvedka resurslarida joylangan, kemaga bir vaqtning o‘zida bir necha dronlar hujum qilayotgani aks etgan videoni tarqatishgan.
«„Ivanovets" kichik raketa kemasi Ukraina qurolli kuchlarining Sevastopolga tungi hujumini qaytarish chog‘ida cho‘kib ketdi. Kema uchta dengiz droni zarbasini o‘ziga qabul qildi. Ekipaj oxiriga qadar kemani suv yuzasida ushlab qolish uchun kurashdi», — deya yozgan «Voyenkor Kotenok» telegram-kanali.
Harbiy sohaga ixtisoslashgan yana bir bloger Boris Rojin ham Rossiya Qora dengiz floti Donuzlav hududida dronlarning tungi hujumi chog‘ida 1989 yilda yasalgan, suv sig‘imi 493 tonna, uzunligi 56 metrga teng bo‘lgan, «Moskit» raketalari bilan jihozlangan «Ivanovets» kichik raketa kemasini yo‘qotganini ma’lum qilgan. Kema ekipaji 41 kishidan iborat, ularning taqdiri noma’lum.
Bundan avvalroq Rossiya mudofaa vazirligi Qrimga 20 ta raketa bilan hujum qilingani haqida xabar bergan, Ukrainadagi manbalar esa bu hujum natijasida Belbekdagi aerodromda turgan harbiy samolyotlar shikastlangani haqida yozgandi.
Rossiya mudofaa vazirligiga yaqin sanalgan Rybar telegram-kanali bu ikki voqeani o‘zaro bog‘lagan: unga ko‘ra, raketa hujumidan keyin to‘qqizta ekipajsiz kater Odessadan chiqqan va Dunay daryosining quyilish joyidan Qrim tomon suzib ketgan.
Kanal muallifining tasdiqlashicha, dengiz dronlaridan to‘rttasi Donuzlav ko‘li hududida yakson etilgan, qolganlari esa nishonga — «Ivanovets» kateriga yetib borgan. «Videoga qaraganda, kema bir necha portlashdan keyin butkul cho‘kib ketgan», — deya Ukraina tomoni tarqatgan videoni sharhlagan telegram-kanal.
«Ivanovets»ga hujumning harbiy ahamiyati nimada?
BBC harbiy sharhlovchisi Pavel Aksenov:
Agar «Ivanovets» raketa kateri halokati tasdiqlansa, bu Rossiya va Ukraina urushidagi jiddiy voqea bo‘ladi. Bu dengizda yo‘q qilingan ikkinchi raketa bilan qurollangan harbiy kemadir.
«Ivanovets» Rossiya klassifikatsiyasiga ko‘ra raketa kateri deb atalsa-da, xalqaro standartlar bo‘yicha korvet hisoblanadi. «Ivanovets» kemalarga qarshi qanotli raketalar bilan qurollangan.
Ukrainada bunday raketalarni qo‘llash mumkin bo‘lgan kemalar qolmagan, ammo urush davomida ikki tomon ham kemalarga qarshi raketalarni quruqlikdagi nishonlarga qarshi qo‘llab kelmoqda.
Bundan tashqari, katerda «Vympel R2» radioelektron kurashish tizimi (u MP-405-1 va MP-405 radiolokatsiya tizimlarini o‘z ichiga oladi) mavjud. Bu ancha eski ishlanma, ammo uni Rossiyaning yangi kemalariga ham o‘rnatishda davom etishmoqda.
Shunday ekan, Donuzlav ko‘lida bo‘lgan kema Qrimning qanotli raketalar bilan o‘qqa tutilishi yoki ekipajsiz katerlarning hujumlariga qarshi radioelektron kurash olib borish bilan shug‘ullangan bo‘lishi ham mumkin.
Ushbu hujumning muvaffaqiyati Ukraina qurolli kuchlari Qora dengiz floti bilan kurashish taktikasini takomillashtirib borayotganini anglatadi, dok (kemalar tuzatiladigan korxona) va prichallarda (kemalar bog‘lab qo‘yiladigan joy) harakatsiz turgan kemalarga zarba berish uchun qanotli raketalardan foydalanilmoqda, ochiq dengizda suzayotgan nishonlarga qarshi esa — ekipajsiz katerlar bilan hujum qilinmoqda.
Bu taktika allaqachon shunga olib keldiki, Qora dengiz flotining ko‘plab kemalari bazasini o‘zgartirib, Sevastopoldan nisbatan sharqdagi Novorossiyskka ko‘chib o‘tdi.
Bu taktikaning muvaffaqiyati, ayniqsa dengiz flotida katta harbiy kemalarga ega bo‘lmagan davlat tomonidan qo‘llanishi hisobga olinsa, harbiy-dengiz kuchlari kelajagiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Katta bo‘lmagan ekipajsiz katerlar eng xavfli «jajji flot»ga aylanadi, ularga qarshi samarali kurashish usullari esa hali ishlab chiqilmagan.
Mavzuga oid
19:41 / 05.05.2026
Ukraina Chuvashiyaga raketa va dronlar bilan hujum qildi
07:38 / 05.05.2026
Rossiya va Ukraina vaqtinchalik sulh e’lon qildi
21:06 / 04.05.2026
Yevropaliklar Rossiya ikki yil ichida NATO davlatiga hujum qilishga urinishini taxmin qilmoqda
09:23 / 04.05.2026