Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Denis Istomin faoliyatini yakunladi
Tennischi Denis Istomin Devis kubogi doirasida O‘zbekiston va Polsha jamoalari uchrashuvidan keyin katta sportdagi faoliyati yakunlangani haqida e’lon qildi. U uch bor Olimpiya o‘yinlarida qatnashgan, 2018 yilgi Osiyo o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritgan, Guanchjou-2010 o‘yinlarida ikkita kumush medal, Inchhon-2014 o‘yinlarida esa bronza medali bilan taqdirlangan.
Xalqaro maydondagi muvaffaqiyatli ishtiroklari bilan o‘zbek tennisi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Denis Istomin professional sportchilik faoliyatini yakunladi. Milliy olimpiya qo‘mitasiga ko‘ra, bu haqida sportchining o‘zi «Humo arena» mezbonlik qilgan Devis kubogi doirasidagi O‘zbekiston - Polsha uchrashuvidan so‘ng ma’lum qildi.
Denis Istomin yosh tennischi Amir Milushevga qarshi ko‘rgazmali xayrlashuv uchrashuvini o‘tkazdi. Shundan so‘ng, O‘zbekiston sport vaziri Adham Ikramov, MOQ bosh kotibi Oybek Qosimov, O‘zbekiston tennis federatsiyasi raisi Alisher Mirsoatov va federatsiya bosh kotibi Iroda To‘laganova kortga chiqib kelishdi.
Tadbirda vazir Adham Ikramov so‘z olib, Denis Istominning o‘zbek sportida tutgan o‘rni, uning rivojiga qo‘shgan hissasi haqida iliq fikrlar bildirgan. Shundan so‘ng Denis an’analarga xos tarzda kuzatib qo‘yilgan. O‘z navbatida, Istomin bunday e’tibordan mamnun ekanini ta’kidlagan.



Ma’lumot uchun, Denis Istomin faoliyati davomida London-2012, Rio-2016 va Tokio-2020 yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan. 2018 yil Indoneziyada o‘tgan Osiyo o‘yinlarida oltin, shuningdek, Guanjou-2010 da 2 ta kumush, Inchhon-2014 da 1 ta bronza medaliga ham sazovor bo‘lgan. 2012 yil ATP tasnif jadvalida 33-o‘ringacha ko‘tarilgan. Mazkur tashkilot bayrog‘i ostida o‘tgan turnirlarda 2 bor (2015, 2017) bosh sovrinni qo‘lga kiritgan. Ushbu natijalari evaziga «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi» faxriy unvoni bilan taqdirlangan.
Mavzuga oid
08:45 / 08.06.2026
Rolan Garros–2026: Zverev tarixiy g‘alabaga erishdi
07:35 / 23.03.2026
Xitoyda robot tennis o‘ynashni o‘rgandi: u 96 foiz aniqlik bilan zarbalarni qaytarmoqda
01:22 / 19.01.2026
Vinus Uilyams Australian Open rekordini o‘rnatdi
11:48 / 15.12.2025