Jahon | 12:42 / 08.02.2024
13594
4 daqiqa o‘qiladi

Bag‘dodda «Kataib Hizbulloh» guruhi yetakchisi o‘ldirildi

Iroq poytaxti Bag‘dod shahrida Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi «Kataib Hizbulloh» shia guruhi yetakchisi Abu Bakir al-Sa’diy o‘ldirildi.

Foto: Reuters

U va ikki tansoqchisi amerikaliklar droni zarbasiga uchragan mashinada bo‘lishgan, ularning uchalasi ham halok bo‘lgan.

Pentagondagilar Abu Bakir al-Sa’diy mintaqadagi amerikalik harbiylarga hujumlarni tashkillashtirishga mas’ul bo‘lganini bildirgan.

AQSh Iroqdagi o‘zi terrorchi sanaydigan mazkur «Kataib Hizbulloh» guruhini amerikaliklarning Iordaniyadagi bazasiga hujumda ham ayblagan, yanvar oyi oxiridagi hujum oqibatida amerikalik uch nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lgandi.

AQShning Iroqqa bostirib kirishidan keyin tuzilgan «Kataib Hizbulloh» shia guruhi Eronning so‘nggi vaqtlarda amerikaliklarning mintaqadagi bazalariga hujumlar uyushtirayotgan ittifoqchilari orasida eng asosiylaridan biri sanaladi.

AQSh bayonotiga ko‘ra, «Kataib Hizbulloh» Eron islom inqilobi muhofizlari korpusi bilan yaqin aloqa o‘rnatgan va bir necha bor Eronning yordami va ko‘magi bilan koalitsiya kuchlariga hujumlar uyushtirgan.

Yanvar oyida, amerikaliklarning Iordaniyadagi bazasiga hujumdan keyin, «Kataib Hizbulloh» Iroq hukumatini noqulay ahvolga solib qo‘ymaslik uchun Amerika qo‘shinlariga hujum qilishni to‘xtatishini e’lon qilgandi.

Shunga qaramay, amerikaliklar chorshanba kuni kechqurun Bag‘dodning Mashtal tumanida shunday suiqasd uyushtirishdi. Bu gavjum ko‘chada harakatlangan mashinaga yo‘llangan aniq zarba edi.

AQSh qurolli kuchlari markaziy qo‘mondonligi (Centcom) hujum mahalliy vaqt bilan soat 21:30 da amalga oshirilgani, uning natijasida «AQShning mintaqadagi kuchlariga hujumlarni rejalashtirish va ijro etishga to‘g‘ridan to‘g‘ri mas’ul bo‘lgan qo‘mondon» o‘ldirilgani haqida xabar berdi.

«Ayni vaqtda tinch aholi orasida qurbonlar bo‘lgani yoki atrofdagilarga zarar yetkazilgani to‘g‘risida ma’lumot yo‘q», — deyilgan qo‘mondonlik bayonotida.

BBC jamoasi voqea joyiga yetib borganida u yerda namoyishchilar to‘planganiga va shunday hayqirayotganiga guvoh bo‘lishgan: «Amerika — eng katta iblis».

O‘tgan yil oktyabr oyida G‘azo sektorida urush boshlanganidan buyon Amerika qo‘shini deyarli har kuni raketa yoki dronlar zarbalariga duchor bo‘lmoqda.

Amerikaliklar droni to‘g‘ridan to‘g‘ri Iroq poytaxtiga javob zarbasi yo‘llashi mintaqada Qo‘shma Shtatlar tomonidan jiddiy eskalatsiya yuzaga keltirilishi sifatida baholanadi.

Iroqdagi mahalliy guruhlar allaqachon o‘ch olishga chaqirishmoqda.

Amerika qo‘shinlariga hujumlar uyushtirishda ayblangan yana bir guruh bo‘lmish «Harakat al-Nujaba» — «maqsadli o‘ch olish» va’da qilingan bayonot chiqargan va «bu jinoyat jazosiz qolmasligi» bilan tahdid qilgan.

Ammo, Qo‘shma Shtatlar tomonidan bunday reaksiya bo‘lishi kutilgan hol edi, chunki Amerika strategiyasi nafaqat harbiylashgan guruhlarning infratuzilmalari bo‘ylab zarbalar berishni, balki ularning yetakchilarini yo‘q qilishni ham o‘z ichiga oladi.

Mavzuga oid