O‘zbekistonda hafta davomida qanday ob-havo kutilayotgani ma’lum qilindi
Hafta davomida O‘zbekistonning barcha hududlarida quruq va juda iliq ob-havo saqlanib turadi. Harorat kechasi +3…+10, kunduzi +12…+24 daraja bo‘ladi. Juma kuni esa sovuq va nam havo massalari kirib kelishi boshlanadi.
«O‘zgidromet» hafta davomida kuzatiladigan ob-havo haqida ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, 12–15 fevral kunlari O‘zbekistonning barcha hududlarida fevral oyi o‘rtasi uchun quruq va juda iliq bo‘lgan ob-havo saqlanib turadi.
Harorat 12–13 fevral kunlari kechalari +3...+8 daraja, kunduz kunlari +12...+17 darajada bo‘ladi. 14-15 fevralda bundan ham iliqroq havo kuzatiladi: havo harorati kechalari +5...+10 daraja, kunduz kunlari +19...+24 darajagacha iliydi. Bunday harorat foni fevral oyi o‘rtasi uchun bo‘lgan me’yoriy qiymatlardan 10-12 darajaga yuqori.
Bunday quruq ob-havo O‘zbekiston hududining katta qismida 16 fevral kuni ham saqlanib turadi. Havo harorati kunduzi +15...+20 darajagacha biroz pasayadi.
Faqat O‘zbekistonning shimoli–g‘arbiy hududlariga 16 fevralda kelib chiqishi arktik bo‘lgan sovuq va nam havo massalari kirib kelishi boshlanadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida ba’zi joylarda yomg‘ir va qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik bo‘lishi mumkin. Harorat kechasi 0...–5 daraja, kunduzi +3...+2 daraja bo‘ladi.
Shamol sharqdan 7–12 metr/sekund tezlikda esadi, 15–16 fevralda ba’zi joylarda 15–20 metr/sekundgacha kuchayadi. Shamol tezligi ayrim joylarda ba’zida 23–28 metr/sekundgacha kuchayishi mumkin.
Respublikaning tog‘li hududlarida 12 fevral kuni qor ko‘chishi xavfi bor.
Toshkentda 12–16 fevral kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 3–8 metr/sekund tezlikda esadi. Harorat 12–13 fevralda kechalari +3...+8 daraja, kunduz kunlari +12...+17 daraja, 14–15 fevralda kechalari +5...+10, kunduz kunlari +19...+22 daraja bo‘ladi.