Jahon | 19:05 / 15.02.2024
68014
3 daqiqa o‘qiladi

Agar Bayden saylovda g‘alaba qozonsa, Rossiya uchun yaxshi bo‘ladi - Putin

Ammo biz Amerika xalqi ishonch bildirgan har qanday rahbar bilan hamkorlik qilamiz, dedi Putin.

Foto: Reuters

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Moskva AQSh prezidenti lavozimiga Donald Trampdan ko‘ra Jo Baydenni afzal ko‘rishini aytdi. Bu haqda u VGTRK muxbiri Pavel Zarubin bilan suhbatda gapirdi. 

Zarubin Putindan «Biz uchun kim yaxshiroq, Bayden yoki Tramp?», deb so‘radi. 

«Bayden», - deb javob berdi Putin. 

«U tajribaliroq, uning harakatlarini oldindan aytish mumkin, eski formatsiya siyosatchisi. Ammo biz Amerika xalqi ishonch bildirgan har qanday rahbar bilan hamkorlik qilamiz», deb javob berdi Putin. 

Rossiya prezidentidan Baydenning sog‘lig‘i haqidagi xabarlarga qanday munosabatda ekani ham so‘raldi. Putinning so‘zlariga ko‘ra, bunday xabarlarga AQSh saylov kampaniyasi ham sabab bo‘lmoqda. 

«Menimcha, Qo‘shma Shtatlarda ichki siyosiy kampaniya, saylovoldi kampaniyasi tobora kuchayib bormoqda. U tobora o‘tkir shakllarga ega bo‘lmoqda. Biz esa bu jarayonga aralashishimiz noo‘rin. Qarang, men Bayden bilan Shveytsariyada uchrashganman, bu uch yil oldin edi. Shunda ham uni layoqatsiz deyishardi. Men bunga o‘xshash narsani ko‘rmadim. Ha, u qog‘oziga qarab qo‘ydi, men ham o‘zimning qog‘ozimga qaradim. Buning yomon tomoni yo‘q. Qayerdadir, vertolyotdan tushayotib, boshi bilan urilibdi, xo‘p… Bizda ham kimdir, qayerdadir boshi bilan urilmagan bo‘lsa, bemalol ta’na qilaversin», dedi Putin. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, AQSh ma’muriyatining hozirgi pozitsiyasi «juda zararli va noto‘g‘ri». «Va men bir paytlar bu haqda prezident Baydenga aytganman», deb xulosa qildi Putin. 

AQSh prezidentlik saylovi 2024 yil noyabrida bo‘lib o‘tadi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid