O‘zbekiston | 20:51 / 19.02.2024
14472
20 daqiqa o‘qiladi

Chobahor porti: Strategik yo‘nalishni ishga tushirish jarayoni qanday ketyapti?

O‘zbekistonni dunyo bilan bog‘lovchi savdo yo‘llarini ochishda Eronning Chobahor porti alohida ahamiyatga ega. Kun.uz bu mavzuni yaxshiroq ochib berish uchun Eron Islom Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Rahmatullo Xo‘rmoliy va ekspert Nargiza Umarovani suhbatga taklif etdi.

— Chobahor portidan O‘zbekiston qanday foydalanadi va istiqbollari qanday? Hal qilinishi kerak bo‘lgan masalalarga ham to‘xtalib o‘tsangiz.

Rahmatullo Xo‘rmoliy: — Chobahor portini rivojlantirish va ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu portning mintaqaviy va butun dunyo tovar almashinuvlari hamda sharq-g‘arb va shimoli-janub ta’minot zanjirlaridagi ahamiyati Eron Islom Respublikasining muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Hamkor va do‘st davlatlar, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi bilan mushtarak manfaatlarni oshirish doirasida strategik sheriklik va hamkorlikni mustahkamlash masalasi bizning kun tartibimizdan o‘rin olgan muhim masalalardan biri hisoblanadi. Eron Islom Respublikasining tarixan yaxshi geografik tranzit hududida joylashganligi, tranzit borasida boshqa davlatlarga nisbatan ko‘proq afzalliklarga ega ekanligi va ushbu afzalliklardan maksimal darajada foydalanishga intilishini hisobga olib, shuningdek, ikki asosiy vaqt, tranzit narxlari va ta’riflarni optimallashtirish orqali raqobat ustunligini ta’minlash yondashuvlaridan kelib chiqib, Eron Islom Respublikasi uning hududi va obektlaridan foydalanish borasida O‘zbekiston Respublikasi bilan har qanday sheriklik va hamkorlikni mamnuniyat bilan qabul qiladi. Taxminan ikki yil avval tomonlar o‘rtasida Chobahor portidan foydalanish bo‘yicha o‘zaro Anglashuv memorandumi imzolangan edi.

Shu o‘rinda Eron, Hindiston va Afg‘oniston o‘rtasida tranzit sohasida Chobahor porti to‘g‘risidagi bitim imzolanganini alohida ta’kidlamoqchiman. Biz hatto O‘zbekiston hukumati Markaziy Osiyodagi muhim davlat sifatida bu kelishuvga qo‘shilishi kerak, degan taklifni ham ilgari surdik. Chobahor porti “Shimol-Janub” koridorining muhim nuqtasi bo‘lib, bu borada 2012-yilda Ummon, Qatar, Eron, Turkmaniston va O‘zbekiston o‘rtasida Ashxobod shartnomasi imzolangan. Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston ham ushbu shartnomaga qo‘shilib, a’zo bo‘lishi mumkin.

Ikki narsani ta’kidlab o‘tmoqchiman, hozirda Chobahor portidan Zohidan va undan keyin Eronning Sarxs shahriga temiryo‘l aloqasi amalga oshirilmoqda. Xudo xohlasa, aqlli va to‘g‘ri fikr bilan O‘zbekistonni ushbu temiryo‘ldan foydalanishga taklif qilamiz.

Umid qilamizki, yaqin kelajakda Chobahor okean portiga aylanadi. O‘zbekistonliklar uchun, ayniqsa, logistika va tranzit sohasiga sarmoya kiritish imkoniyati mavjud bo‘ladi. Umid qilamizki, qo‘shma korxonalar tuzilib, o‘zbekistonliklar bu imkoniyatdan foydalanadilar.

Biz ushbu aloqalarning o‘zaro shartnomalar tuzish darajasiga yetishiga ishonamiz. Hatto siz va ekspert Nargiza xonimga Chobahor porti, Abbos porti va Eronning shimoliy portlarini yaqindan ko‘rishni taklif qilaman. Va Eronning imkoniyatlari haqida ko‘proq bilib olishingiz mumkin.

Nargiza Umarova: — Bugungi kunda Chobahor porti salohiyatidan foydalanish O‘zbekiston uchun ustuvor masalalardan biri. Bu port nisbatan yosh port, umuman, Eron tranzitidan foydalanish esa 90-yillardan boshlangan edi. Eronga Turkmaniston orqali olib boruvchi temiryo‘l ham 1996 yilda tushgan. Lekin u vaqtda biz ko‘proq Bandar Abbos portidan foydalanardik. Oxirgi 10-15 yilda Chobahor porti imkoniyatlarini oshirish bo‘yicha Hindiston bilan ishlar olib bordi Eron. Ashxobod kelishuvi ham bor 2011 yildagi, bu kelishuv O‘zbekiston uchun unikal edi, chunki Eron orqali dengiz yo‘llariga chiqish imkoniga ega bo‘ldik. Faqatgina Eron emas, Fors ko‘rfaziga chiqish ham ko‘zda tutilgan edi, bu esa butun Yevropaga, dunyo bozoriga chiqish bo‘ladi. 2021 yilda O‘zbekiston va Turkmaniston komissiyalari ish boshlaganda Ashxobod kelishuvi bo‘yicha transport koridorini qayta tiklashni masala qilib qo‘ygandik. Endi bu transport koridori Chobahorga olib chiqishi mumkin. Ilgari Chobahorga zamonaviy temiryo‘l bormasdi, lekin bunday temiryo‘l deyarli qurib bitkazildi bugungi kunda. To‘g‘ri temiryo‘l orqali portga chiqish katta imkoniyatlar yaratadi, biz uchun asosiy masalalardan biri ham aynan transport xarajatlarini qisqartirish.

— Hozir faqatgina temiryo‘l bitishi qoldimi yoki boshqa masalalar ham bormi?

Rahmatullo Xo‘rmoliy: — To‘g‘ri aytasiz, ya’ni shu Ashxobod kelishuvini yanada kuchaytirish kerak bo‘ladi. Hamda bu yerda yana bir muhim narsa Chobahordan Zohidonga temiryo‘l qurilishi hali tugamadi. Qurilish hali ham jarayonda. Mening fikrimcha, 2025 yilgacha ishlar yakunlanadi.

Eron hukumati Nargiza xonim tilga olgan temiryo‘llar masalasiga alohida e’tibor qaratmoqda. Xudo xohlasa bu masala hukumat kun tartibida. Chobahor va Sarxs o‘rtasidagi mavjud liniyalardan biri qurib bitkaziladi. Bu orqali temiryo‘l narxlari kamayadi.

Nargiza xonim tilga olgan keyingi masala Ashxobod kelishuvi edi. Ha, 2011 va 2012 yillarda bir qancha davlatlar hukumatlari o‘rtasida bu kelishuv tasdiqlandi. Va bu masala biz uchun juda muhimdir. Lekin bu O‘zbekiston davlatidan Turkmaniston va Eron bilan uch tomonlama uchrashuvlar o‘tkazishni talab qiladi.

Nargiza Umarova: — Chobahorning yutug‘i shuki, Hind okeaniga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiquvchi port bu. Bundan tashqari, portga yaqin masofada Pokistonning Gvadar porti joylashgan bo‘lib, bu ikki port o‘rtasida sog‘lom raqobat ketyapti, O‘zbekiston shu portga ham chiqishi mumkin. Bizga faqat Chobahor va Bandar Abbos porti emas, boshqa muqobil variantlar ham ochilyapti.

— Faqatgina vaqt masalasi turibdi, boshqa bir real to‘siq yo‘q – shunday desak bo‘ladimi?

Rahmatullo Xo‘rmoliy: — Nargiza xonim aytganlaridek sizda Gvadar porti varianti va 1993 yildan beri ishlab kelayotgan Bandar Abbos varianti bor. Shuningdek yosh port sifatida Chobahor porti ham mavjuddir.

Bu yerda ikkita masala bor. Birinchi masala hozirda Pokistonga Afg‘oniston orqali kirishingiz kerak edi. Lekin hozirgi paytdagi Afg‘onistonning sharoiti barchaga ayon. Lekin Eron Islom Respublikasi siz uchun haqiqatan ham barqaror mamlakat va muhim jihat shundaki, siz Fors ko‘rfazi mintaqasiga kamroq xarajat va vaqt bilan kirasiz.

(Muxbirning xavfsizlik masalasi haqidagi savoliga javoban:) Biz Eronda to‘liq xavfsizlikka egamiz. Shu sababli Sarxes hududidan bemalol kirib, Bandar Abbosga kirishingiz mumkin. Sarxes viloyatiga avtomobil va temiryo‘l orqali kirib, Chobahorga yetib borishingiz mumkin. Arab mamlakatlariga borishingiz mumkin. Fors ko‘rfazidagi davlatlariga ham bemalol chiqishingiz mumkin.

Nargiza Umarova: — O‘zbekistonning o‘zi ham xalqaro koridorlarni rivojlantirayotganda o‘zining tranzit mamlakatga aylanishni hisobga oladi. Biz mintaqamiz markazidamiz, bu esa tranzit imkoniyatini oshiradi. Biz Eron bilan transport koridorini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik qilayotganimiz uchun qo‘shnilarimiz ham biz orqali Eronga chiqishni o‘ylayapti va taklif qilyapti, masalan Qirg‘iziston. Ya’ni umuman, bu transport koridori qo‘shnilarimiz foydasiga ham bo‘ladi.

— O‘zbekistondan Turkiyaga Erondan borish qulay, lekin bu transkavkaz yo‘lidan qimmatroq ekanini aytishadi. Eron tomoni yuk tashuvchilar uchun tariflarni qayta ko‘rib chiqishi mumkinmi?

Rahmatullo Xo‘rmoliy: — Eron Islom Respublikasi hamisha siz aytib o‘tgan to‘lovlarni kamaytirish uchun birgalikda va o‘zaro harakat qilishga intiladi. Va bu ayniqsa temiryo‘l va avtomobil yo‘llari sohasidagi strategik va keng qamrovli ishdir.

Yuk mashinalarining harakatini osonlashtirish birgalikda ish va birgalikda harakat qilishni talab qiladi. 2023 yil iyun oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tehronga tashrifi chog‘ida Eron va O‘zbekiston o‘rtasida transport sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi imzolangan edi. Nargiza xonim bu masalani ham tilga oldi. Bizning sa’y-harakatlarimiz Eronni boshqa davlatlar uchun tranzit borasida do‘st va qulay davlat sifatida rivojlantirishdir. Shuning uchun tariflarni qayta ko‘rib chiqishimiz va birgalikda chora ko‘rishimiz kerak.

Joriy haftada O‘zbekiston delegatsiyasi Eron transport idoralari bilan muzokaralar olib borish uchun Tehronda hozir bo‘lib, qo‘shma qo‘mita tuzilib, hujjatlar almashildi, uning maqsadi ushbu xarajatlarni o‘zaro qisqartirishdir.

Bu borada asosiy masala bu – xarajatlar masalasidir. Eron yuk mashinalari O‘zbekistonga kelib, Eron mashinasi uchun 400 dollar oladi. Bir marta kirib-chiqishi uchun jami 800 dollar olishadi. Eronda yoqilg‘i juda arzon, taxminan 4 sent. Lekin O‘zbekistonda qancha turadi? Taxminan 1 dollardan kamroq. Ya’ni tranzit puli yoqilg‘i narxiga ham bog‘liqdir.

400 dollarni olib tashlasangiz, biz ham bu 400 dollarni olib tashlashga tayyormiz.

Transafg‘on koridorining Eronga chiquvchi yo‘nalishi bugun kun tartibiga qaytyaptimi?

Nargiza Umarova: — Buni kun tartibidan tushirish kerak emas, garchi asosiy e’tibor Pokistonga chiquvchi Transafg‘on temiryo‘liga bo‘lsa ham. Eronga chiquvchi Transafg‘on temiryo‘li Turkmaniston orqali chiquvchi yo‘l bilan bir xil vaqtda ishlab chiqilgan edi, lekin Afg‘onistondagi siyosiy beqarorliklar sabab bu loyihani amalga oshirish murakkablashdi. Lekin Eron tomoni o‘ziga yuklangan Hirotgacha bo‘lgan temiryo‘lni qurib bitkazdi, O‘zbekiston esa ma’lum sabablarga ko‘ra loyihani to‘xtatib turibdi. Afg‘onistonda Eron tomonidan qurilgan temiryo‘l orqali endi ular ham Chobahor portiga chiqishi mumkin, Afg‘oniston matbuoti ham bu haqida gapiryapti.

Eron va O‘zbekiston bu masalada yaxshi hamkorlik olib boryapti, lekin bu yerda Turkmaniston manfaatlari ham bor, masalalar «uchburchak»da ko‘rilishi kerak. O‘zbekiston va Eron harakatlari natijasida Turkmaniston ham jarayonga faol qo‘shiladi deb o‘ylayman. O‘zi bu loyihalarda Turkmaniston tranziti eng ko‘p ishtirok etadi, O‘zbekiston orqali boshqa qo‘shnilarimiz o‘tsa, O‘zbekiston ham ularga qo‘shilib Turkmaniston tranzitidan foydalanadi.

Bundan tashqari, Eron orqali quruqlik bilan Yevropaga chiqib borish mumkin. Bu bo‘yicha Transkaspiy yo‘nalishi ishlaydi, lekin bu yo‘lak yetarli bo‘lmayapti hozir, paromlar yetishmay qolyapti. Ya’ni geosiyosiy vaziyat fonida talab kuchaydi bu yo‘lakka, ammo salohiyati yetmayapti. Shu sababli Eron tranziti asqatadi bu vaziyatda, Markaziy Osiyodan tashqari Xitoy uchun ham, Yevropa uchun ham foydali bo‘ladi.

Transafg‘on yo‘lagi kun tartibidan tushgani yo‘q, Eron tomoni bilan bo‘layotgan muloqotlarda ham bu mavzu gapirilib, shu yo‘lakdan foydalanish ko‘zda tutilyapti.

— Transafg‘on yo‘lagi bo‘yicha asosiy masala xavfsizlikmi?

Rahmatullo Xo‘rmoliy: — Har bir davlat tranzit yo‘llaridan foydalanishga intiladi. Bu yo‘nalish Eron uchun ham ustuvor yo‘nalish hisoblanadi. Chunki Sharq va G‘arb uchun, hatto Xitoyni inson iqtisodiyoti nuqtai nazaridan bog‘lash muhokamasi ham shu tarafdan Yevropa davlatlariga bog‘lanadi.

Shuning uchun biz Eron Islom Respublikasi Afg‘oniston ishtirokida, Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari, xususan O‘zbekiston ishtirokida har bir tashabbus ostidamiz.

Bu yo‘nalish biz uchun juda muhim. Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti kun tartibida boshqa koridorlar ham bor edi. Bir kamar, bir yo‘l Xitoy. Bularning barchasi bizning ustuvor vazifamizdir. Eron pullari evaziga afg‘onistonlik biznesmenlarga yordam qilish uchun Roznak stansiyasigacha Xafov-Hirot uchastkasini qurdirdi.

Bu Afg‘oniston bilan yaxshi kelishuvlarga erishishimizga imkon berdi. Yuk va yo‘lovchi tashish sohasida yaxshi kelishuvga erishdik. Har holda Trans-Afg‘oniston biz uchun ham, alohida e’tibor qaratadigan O‘zbekiston uchun ham ustuvor masala.

— Transafg‘on temiryo‘lining qurilmay qolgan qismi moliyaviy sabablarga taqaladimi yoki siyosiymi?

Nargiza Umarova: — Aniq bilmayman, lekin taxminlarim bor. Transport koridori yaratish geosiyosat masalalaridan biri, shu sababli geosiyosiy vaziyatni ham inobatga olish kerak bo‘ladi. O‘zbekiston uchun ikkita transport koridori muhim bo‘lib turibdi: Pokistonga chiquvchi Transafg‘on temiryo‘li va Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temiryo‘li. Chorak asrdan beri muhokamada bo‘lgan Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temiryo‘li endi quriladigan bo‘ldi. Agar Afg‘oniston orqali Eronga chiqish yo‘li ishga tushsa, Xitoy Tojikiston orqali Afg‘onistonga o‘tib, O‘zbekiston tranzitiga ehtiyoj qolmasligi mumkin, shu sabab ham bu loyiha vaqtincha to‘xtatilgandir. Taxmin bu.

Pokistonga chiquvchi Transafg‘on temiryo‘lini rivojlantirishga sabab Pokistondagi transport infratuzilmasini moliyalashtirayotgan Xitoy hisoblanadi. Bir makon — bir yo‘l loyihasi doirasida Xitoy Pokiston bilan iqtisodiy koridori juda qimmat loyiha hisoblanadi. Shu ma’noda Xitoy atrofdagi boshqa mintaqalar ham shu koridorga ulanishidan manfaatdor, shu jumladan, O‘zbekiston ham. Bizning Pokistonning Gvadar portiga chiqishimiz Xitoy va Pokiston iqtisodiy koridoriga ulanishimizni bildiradi va bundan manfaatdormiz. Umuman, hozir bizning turli muqobil yo‘llarni tashkillashtirayotganimiz juda yaxshi ish. Hozir ham Afg‘oniston yo‘li bo‘lmasa ham Turkmaniston orqali Eronga chiqyapmiz bemalol.

— Zangezur yo‘lagi ochilishida Eronning roliga ham to‘xtalsak. Bu yo‘lak istiqbolini qanday baholaysiz?

Rahmatullo Xo‘rmoliy: — Eronning yondashuvi Sharq, G‘arb, Shimol va Janub xalqaro koridorlari zanjirini yakunlashda rol o‘ynashdan iborat. Yaqinda Ozarboyjon Respublikasi bilan 2023 yilda shartnoma tuzdik. Bizda Aras koridori bo‘lgan hududdan avtomobil-temir yo‘lak bor. U Ozarboyjonni Naxchivan bilan u yerda qurilayotgan ko‘prik orqali bog‘laydi.

O‘tgan yili men o‘zim xuddi shu yo‘nalish bo‘yicha Jolfa chegarasidan Armanistonning chegara hududigacha bo‘lgan Ozarboyjon mintaqasiga bordim. Eronda operatsiya boshlandi va yaqin kelajakda bu koridor ochiladi degan umiddamiz. Ozarboyjondan Eronga kiradigan bu koridorning foydasi, shubhasiz, Markaziy Osiyo davlatlari va Turkiyani ham qamrab oladi.

Bizning nuqtai nazarimiz shuki, biz Eronda konstruktiv raqobatni yaratishga intilamiz va biz xalqaro foyda olishni xohlaymiz. Albatta, raqobatga ega bo‘lgan marshrut yanada jozibador bo‘ladi. Demak, hozir mavjud bo‘lgan bu koridor, Eronning shimoli ham xavfsiz, Armaniston va Ozarboyjonning umumiy manfaatlari bor va biz hamkorlik qilishga tayyormiz.

Eron Ozarboyjon va Naxchivon Respublikasi bilan uning koridori ozarboyjonlar uchun ochiq ekanligiga kelishib oldi.

Ushbu koridor hali amalga oshirilmagan va bu vaqt talab etadi. Ammo Erondagi yo‘lak va musulmon davlati Ozarboyjon va qo‘shni Armaniston bilan bo‘lgan yo‘l orqali biz harakatni amalga oshiramiz.

Nargiza Umarova: — Ozarboyjon tomoni ikkinchi Qorabog‘ urushidan keyin Armaniston bilan shu koridorni ochishga urindi, ammo Armaniston rozi bo‘lmadi. Ikkinchi variant esa Eron orqali o‘tish edi. Armaniston rozi bo‘lmay tranzit imkoniyatini boy berdi. Eron esa iqtisodiy imkoniyatlarni qo‘ldan boy bermay, allaqachon amaliy ishlar boshlandi Zangezur koridorini rivojlantirish uchun. Umuman olganda, Zangezurga qarshi bo‘lganlardan ko‘ra qo‘llayotganlar ko‘p, shu ma’noda Markaziy Osiyo davlatlari ham bu koridor ochilishi tarafdori.

— Sanksiyalar, geosiyosiy vaziyat fonida O‘zbekiston bilan savdo-iqtisodiy aloqalar qanday balanslashtirilyapti?

Rahmatullo Xo‘rmoliy: — So‘nggi yillarda mamlakatimiz yuqori mansabdor shaxslari, xususan, ikki davlat prezidentlari, ikki davlatning boshqa rasmiylari, jumladan, ikki davlat parlamentlari sharafli spikerlari, tashqi ishlar, transport vazirlarining ko‘p va o‘zaro tashriflari amalga oshirildi va ilm-fan va texnologiya va bilimga asoslangan iqtisodiyot bo‘yicha vitse-prezidenti, qo‘shma hamkorlik komissiyasi mas’ul vazirlari Ikki mamlakat iqtisodiyoti bo‘lib o‘tdi, bularning barchasi ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy va iqtisodiy munosabatlar yuqori darajada ekanligidan dalolat beradi.

Ikki davlat oliy mansabdor shaxslari uchun juda muhim masala – iqtisodiy va savdo hamkorlikni rivojlantirish bo‘lib, Eron tomoni o‘z bilim va tajribasini do‘st O‘zbekistonga o‘tkazishga to‘liq tayyor va shu o‘rinda men hajmini eslatib o‘tmoqchiman. 2023 yilda ikki davlat o‘rtasidagi tijorat almashinuvi.

Eron va O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 15 foizga o‘sib, 504 million dollarga yetdi, lekin Eronning o‘rni O‘zbekistonning savdo hamkorlari orasida 18-o‘rinda va O‘zbekiston Statistika markazi hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonning tashqi savdo hajmi 2023 yilda qariyb 60 milliard dollarni tashkil etadi, Eron savdosining O‘zbekiston umumiy savatidagi ulushi esa qariyb 1 foizni tashkil etadi, bu esa ikki davlat prezidentlarining 2025 yilga borib birjalar ulushini bir milliard dollarga yetkazish haqidagi ta’kidlaridan uzoqdir.

Shu bois ikki davlat hukumatida o‘zaro manfaatli manfaatlar va milliy manfaatlarni hurmat qilgan holda iqtisodiy va tijorat aloqalarini mustahkamlash ustuvor tamoyil hisoblanadi. Eron va O‘zbekiston iqtisodiyoti bir-birini to‘ldirishi mumkinligiga ishonaman.

O‘tgan haftada Belarus prezidenti O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Ko‘rdimki, ular tomonidan ko‘p xayrli ishlar qilingan, yaxshi kelishuvlar tuzilgan. Bu mamlakatlar bilan hozir bir qator Yevropa davlatlari mulohazalarga ega va u juda yaxshi ishlamoqda. Belarusdan importingiz taxminan 500 million dollarni tashkil qiladi. Erondan import esa bundan kamroq.

O‘zbekiston ham Eron manfaatlarini hisobga oladi. Siz aytgan sanksiyalarga qaramay, munosabatlarni mustahkamlash va rivojlantirishga tayyormiz. Eron va O‘zbekistonning ikki xalqi va hukumatlariga muvaffaqiyat va farovonlik tilayman.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid