Jahon | 15:52 / 19.02.2024
5964
3 daqiqa o‘qiladi

Senator: Tramp ittifoqchilarini o‘z holiga tashlab qo‘ymaydi

Donald Tramp yaqinda Rossiyadan mudofaa uchun kam sarflaydigan NATO ittifoqchilarini himoya qilmasligini aytdi. Respublikachi senator Vens ittifoqchilarni Qo‘shma Shtatlar ularni yolg‘iz tashlab qo‘ymasligiga ishontirdi.

Foto: Matthias Schrader/AP/picture alliance

Amerikalik respublikachi senator Jyeyms Devid Vens NATO ittifoqchilariga, agar Donald Tramp AQSh prezidenti etib saylansa, ular tashqi agressiyadan himoyalanishda AQShga ishonishi mumkinligini bildirdi. «Albatta, biz NATOdagi ittifoqchilarimizni yaxshi ko‘ramiz. NATOni qadrlaymiz va bu butun siyosiy spektrga taalluqlidir, ammo Yevropa xavfsizlik masalalarida mustaqilroq bo‘lishi kerak, bu Trampning messeji edi», dedi u Myunxen xavfsizlik konferensiyasida jurnalistlarga. 

Vens ayniqsa Germaniyani armiyaga ko‘proq sarmoya kiritishga chaqirdi. «Agar Germaniya yalpi ichki mahsuloti bo‘yicha dunyoda beshinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa-yu, Rossiya hatto birinchi o‘ntalikka kirmagan bo‘lsa, Germaniya ishonchli tiyib turishga qodir bo‘lishi kerak emasmi?» — dedi u. 

«Germaniya xavfsizlik masalalarida mustaqil bo‘lishi kerak» 

Ammo senator shunday qo‘shimcha qildi: «Bu Germaniyani yolg‘iz tashlab qo‘yish uchun dalil emas. Bu bizning nemis do‘stlarimiz uchun biroz kattaroq rol o‘ynash uchun rag‘batdir, chunki Qo‘shma Shtatlar keyingi yarim asrda boshqa narsalarga e’tibor qaratishi kerak».

Dpa agentligining ta’kidlashicha, Jyeyms Devid Vens Trampga ayniqsa yaqin bo‘lgan respublikachi kongressmenlar qatoriga kiradi. Donald Tramp o‘tgan hafta mudofaaga yetarlicha sarmoya kiritmayotgan NATO ittifoqchilarining himoyasini shubha ostiga qo‘ydi. Bu so‘zlar Germaniya va Yevropada o‘zini qanday qilib mustaqil ravishda himoya qilish, jumladan, o‘zining Yevropa yadro soyabonini yaratish imkoniyati haqida qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. 

Ukraina uchun yangi yordam paketi blokadasi

Vens - Myunxen konferensiyasida qatnashayotgan 30 dan ortiq AQSh kongressmenlaridan biri. Forum ishtirokchilarining diqqati ham ularga qaratilgan, chunki Ukrainaga 60 milliard dollarlik yangi yordam paketi hozirda Kongressda respublikachilar tomonidan bloklangan. Demokratlar ko‘pchilikka ega bo‘lgan Senat bu paketni allaqachon ma’qulladi, ammo respublikachilar ko‘pchilikka ega bo‘lgan Vakillar palatasining roziligi so‘roq ostida. 

Vens paketning Vakillar palatasidan o‘tish imkoniyatini 50 ga 50 deb baholadi. U respublikachilar saylovoldi kurashning bir qismi sifatida taktik sabablarga ko‘ra Ukrainaga yordam paketini to‘sib qo‘ygani haqidagi ayblovlarni rad etdi. «Respublikachilar Ukraina paketini Trampning saylovoldi kampaniyasi tufayli to‘sib qo‘ymayapti. Respublikachilar bu paketga shubha bilan qaraydi, chunki bu mamlakatimiz manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydi, deb hisoblaydi», dedi senator. 

Mavzuga oid